Xabaringiz bor, ayni kunlarda respublikamiz miqyosida paxta yig‘im-terim mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal sur'atlarda olib borilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida ham mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida viloyat FVB xodimlari tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda paxtani qabul qilish punktlari hamda paxta tozalash korxonalarini qayta ko‘rikdan o‘tkazmoqdalar.
Bunda asosiy e'tibor mavjud uskunalarning holatiga, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarining sozligi va yetarliligiga, zaxira suv manbai yaratilganligiga qaratilmoqda. Ko‘riklar davomida aniqlanayotgan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz vaziyatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish borasida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Maskanlarga xodimlar biriktirilgan bo‘lib, kunu tun navbatchilik olib borilgan holda, doimiy nazorat o‘rnatilgan.