Bugun mamlakatimizda kirib kelayotgan yangi yilni munosib kutib olish, tayyorgarlik ko‘rish ishlari avjida. Joylarda o‘rnatilgan archalar atrofi bolalar bilan gavjum, bu esa bayramni yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishiga xizmat qilmoqda. Ammo, mana shunday quvonchli kunlarda e’tiborsizlik bilan amalga oshirilgan xatti-harakatlar turli ko‘rinishdagi ko‘ngilsiz holatlarga olib kelishi mumkin. Pirotexnika vositalari, isitish moslamalaridan, elektr tokidan foydalanganda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yoxud dasturxonimizni bezab turgan turli xil taomlardan zaharlanish kabi vaziyatlar shular jumlasidandir. Ayanchlisi, bu kabi holatlar insonlarning vafot etishiga olib kelishi mumkin.
Joriy yilning 27 dekabr “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va nishonlash davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat Soliq hamda Bojxona qo‘mitalari, “O‘ztransgaz” AJ, YOng‘inga qarshi kurashish jamiyati mas’ul xodimlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur davra suhbatida mavsumiy xarakterga ega bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, is gazidan zaharlanish, botulizm kasalligi, pirotexnika vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik kabi holatlarni oldini olishda mutasaddilar tomonidan amalga oshirilib kelinayotgan profilaktik tadbirlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi. Tadbir so‘nggida, tadbirga taklif etilgan OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.
FVV Matbuot xizmati