Vladimir viloyatida YTHda jabrlangan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelindi  

 Avval xabar berilganidek, joriy yilning 6 oktyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 03:39da Vladimir viloyatining, Petushin tumanidagi Pokrov temir yo‘l stansiyasida poezd va avtobus to‘qnashuvi sodir bo‘lgan. YTH natijasida 15 nafar O‘zbekiston fuqarolari vafot etgan.

YTHda jabrlangan O‘zbekistonning 36 fuqarosi Pokrov shahri mehmonxonasiga joylashtirilgan. Ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilib, issiq buyumlar va oziq-ovqatlar bilan ta’minlangan. Jabrlanganlarning har biriga “Rossiya temir yo‘llari” OAJ hisobidan 5 ming rubldan tovon puli to‘langan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan Vladimir viloyatidagi O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun Harbiy havo kuchlarining havo kemasida Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari, xususan, yuqori malaka va mahoratga ega bo‘lgan qutqaruvchi, shifokor va psixologlardan iborat maxsus guruh yo‘naltirildi.

Vladimir viloyati ma’muriyatining ko‘magida, FVV, IIV mutaxassisilari, Rossiya Federatsiyasining Tergov komiteti, TIV vakillari, O‘zbekiston Elchixonasi va O‘zbekistondan yuborilgan maxsus guruh tomonidan jabrlanganlarning hamda vafot etganlarning shaxsini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish borasida zarur tadbirlar amalga oshirilidi.

Barcha rasmiy ishlar yakunlangach, Rossiya FVV avtotransportida jabrlanganlar hamda vafot etganlarning jasadlarini “Jukov” shahridagi aeroportga yetkazish ishlari tashkillashtirildi.

Joriy yilning 8 oktyabr kuni Harbiy havo kuchlarining maxsus bortida jabrlanganlar hamda vafot etganlarning jasadini Termiz, Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlariga yetkazish ishlari amalga oshirildi. Sirdaryo va Samarqand viloyatidan bo‘lgan jabrlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi FVV avtomobil transportlarida Toshkent shahridan o‘z uylariga olib borildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Andijon, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hokimlariga bergan topshirig‘iga asosan YTH oqibatida vafot etgan fuqarolarning oilalariga ijtimoiy yordamlarni ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi.

Jabrlanganlarning yaqinlariga zaruriy ma’lumotlarni yetkazish, shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida FVVga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish uchun “doimiy aloqadagi FVV telefon raqamlari” tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Vladimir viloyati gubernatori S.Y.Orlovga, Petushin tumani ma’muriyati va Pokrov shahrining milliy diasporasiga,  Rossiya Federatsiyasining FVV vaziri V.A.Puchkov hamda Vladimir viloyatidagi Rossiya FVVning Bosh boshqarmasi boshlig‘i V.A.Belozerovga, shuningdek yuzaga kelgan muammolarni hal etishga va jabrlanuvchilarni vatanga qaytarishga har tomonlama yordam bergan boshqa vazirlik va idoralarga chuqur minnatdorlik bildiradi.