Xalqaro tabiiy oftalar xavfini kamaytirish kuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

2017 yilning 13 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “13 oktyabr – Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni”ga bag‘ishlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 iyundagi “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5066-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholi va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida, shuningdek Prezidentimizning 2017 yil 1 iyundagi PF – 5066-sonli Farmonida ko‘rsatilgan topshiriqlarni hayotga tatbiq etish xususida amalga oshirilgan tadbirlar va erishilgan yutuqlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirni, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari K.Aripov kirish nutqi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan hujjat FVV tarixida yangi sahifa ochganini ta`kidlab o‘tdi. Shuningdek, joriy yilda soha bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf qilish, mazkur sohada mutaxassislarni tayyorlash hamda tizim vazifalarini izchil amalga oshirish borasida muhim yo‘nalishlarni belgilab beriganini, qolaversa, FVV xodimlarining “O‘z vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berish” shiori ostida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilishga e’tibor qaratilganligi borasida so‘z yuritdi.

Ta`kidlash joizki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jamoatchilik bilan aloqalarni kengaytirish va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqindan hamkorlik qilish, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va bashoratlash sohasini tubdan takomillashtirish, qolaversa FVV va FVDT tizimini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Matbuot anjumanida, FVVning boshqarma va bo‘lim boshliqlari mavzuga oid ma’ruzalari bilan so‘zga chiqib, OAV vakillarini favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar  bilan yaqindan tanishtirdilar. 

Xususan:

iqtisodiyot ob’ektlarda fuqaro muhofazasi tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish;

FVVda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

vazirlikning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ularni sohaga tayyorlash mexanizmini takomillashtirish va malakasini oshirish;

jamoatchilik bilan aloqalarni kengaytirish va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqindan hamkorlik qilish orqali favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik sohasida amalga oshirilayotgan tadbirlar;

favqulodda vaziyatlarni monitoringi va bashoratlash sifatini oshirish va yaxshilash, gidrometeorologik va seysmik kuzatuvlar bo‘yicha tadbirlarni tizimlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan mavzulardagi ma’ruzalar ana shular jumlasidandir.

Tadbir yakunida, OAV vakillari FVV hududiy tuzilmalarining moddiy-texnik ta’minotini shakllantirish, qirg‘oq-mustahkamlash ishlari, yangi texnologiyalarni joriy etish, Fuqaro muhofazasi institutiga qabul qilingan magistrantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar xususidagi savollar bilan murojaat qilishdi.

FVVning boshqarma va bo‘lim boshliqlari OAV vakillarining bergan savollariga atroflicha javoblar berishdi.

Matbuot anjumani interaktiv va qiziqarli tarzda o‘tdi.

 

FVV Matbuot xizmati