Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

Yong‘in o‘z vaqtida bartaraf etildi

2020 yil 8 yanvar kuni soat 17:40 da Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Jizzax shahar Navoiy mahallasi Oltin uzuk ko‘chasi 20-uyda yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushdi. Darhol yong‘in joyiga Jizzax shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi 1-yong‘in qutqaruv qismining 2 ta bo‘linmasi yuborildi. Bo‘linmalar yong‘in joyiga soat 17:46 da yetib borganida xonadonning ayvon qismida saqlanayotgan quruq o‘tinlar yonib, quyuq alanga hosil bo‘lganligi, zudlik bilan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmasa, yong‘in uyning boshqa xonalari va qo‘shni xonadonlarga tarqalib ketish xavfi yuzaga kelganligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois, qo‘shimcha kuch va vositalar jalb etilib, yong‘in qisqa muddatda bartaraf etildi. Yong‘in natijasida xonadonning 40 m2 shift va tom qismi yonib zarar ko‘rgan. Jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in sababi va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yong‘in joyiga 6 daqiqa ichida yetib kelgan bo‘lsa-da, mazkur ko‘chaga kirish yo‘lida sun’iy to‘siq bo‘lganligi sababli, qutqaruvchilar to‘siqni olib tashlaguncha bir necha daqiqa yo‘qotgan. Bu esa har bir soniya g‘animat hisoblangan yong‘inni o‘chirish vaqtida katta yo‘qotish demakdir. Agarda yong‘in ayvonda emas, ichki xonalarning birida sodir bo‘lganda yoxud ichkarida insonlar qolib ketganida buning oqibati ayanchli yakun topishi mumkin edi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan korxona, muassasa va tashkilotlarda hamda aholi yashash xonadonlariga borish yo‘llarida qutqaruv avtomobillari harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratilishi, o‘tish yo‘llari sun’iy to‘siqlar va avtomobillar bilan to‘sib qo‘yilmasligini so‘rab qolamiz. Zero, bu amallar Siz va yaqinlaringiz hayoti xavfsizligi ta’minlashda muhim omildir.

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech