Joriy yilning 26-29 may kunlari Jizzax viloyatida “Yosh qutqaruvchi – 2023” sport musobaqalarining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan umumta’lim hamda kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilaridan iborat 28 ta jamoalardan jami 224 nafar ishtirokchilar qatnashdilar.
Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, Kasb-hunar ta’limi muassasalari bo‘yicha 3-o‘rin Toshkent shahar Yuridik texnikumi jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 2-o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi IIV Surxondaryo Akademik litseyi jamoasi munosib deb topildi. Barcha shartlarda yuqori natijalarni qayd etgan O‘zbekiston Respublikasi IIV Jizzax Akademik litseyi jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Umumta’lim maktablari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan bahslar bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 116-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi 3-o‘rinni, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrining 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, faxrli 1-o‘rinni Jizzax viloyati Paxtakor tumani 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritib, musobaqaning mutloq g‘olibi bo‘ldi.