2020 yil 1-choragi davomida FVV tizimida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘rganilishi bo‘yicha tahliliy ma'lumot
2020 yilning 1-choragida vazirlik Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga jami 835 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan bo‘lib, shundan 284 tasi og‘zaki, 256 tasi yozma va 295 tasi elektron (shundan 263 tasi Virtual qabulxona orqali) murojaatlardir.
Kelib tushgan murojaatlarning 150 tasi qanoatlantirilgan, 606 tasiga tushuntirishlar berilgan, 47 tasi taalluqliligi bo‘yicha yuborilgan, 4 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 28 tasi keyingi hisobot davriga qoldiq bo‘lib o‘tgan.
Vazirlik markaziy apparatiga kelib tushgan murojaatlarning 5 tasi favqulodda vaziyatlar xavfi bor hududlardan ko‘chirish masalalari bo‘yicha, 1 tasi tabiiy ofatdan yashash joylari zarar ko‘rgan hollarda boshqa imorat qurishda yordam so‘raganlar, 12 tasi Favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi holatlar bo‘yicha (noqonuniy qurilishlar va h.k.), 3 tasi qutqaruv xizmatining faoliyati bo‘yicha, 28 tasi favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi xodimlarning harakatlari bo‘yicha, 10 tasi ruxsatnoma, ma'lumotnoma va hujjatlar olish bo‘yicha, 120 tasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga xizmatni tiklash yoki qabul qilish bo‘yicha, 23 tasi ijtimoiy masalalar to‘g‘risida (pensiya, aliment, kompensasiya, uy-joy va h.k.), 51 tasi turli taklif va masalalar bo‘yicha, 45 tasi favqulodda vaziyatlar idoralari faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan masalalar bo‘yicha, 3 tasi anonim murojaatlar.
Vazirlik markaziy appratiga kelib tushgan murojaatlar o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 55 taga ko‘paygan.
Hududlar kesimida o‘rganilganda, o‘tgan yilning shu davrida Buxoro, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida murojaatlar kamaygan bo‘lsada, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 taga, Jizzaxda 4 taga, Qashqadaryoda 12 taga, Navoiyda 6 taga, Namanganda 4 taga, Samarqandda 20 taga, Surxondaryoda 17 taga, Xorazmda 11 taga, Toshkent shahrida 3 taga ko‘paygan.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlar xavfi bor hududlardan ko‘chirish masalalari bo‘yicha 5 taga, qutqaruv xizmatining faoliyati bo‘yicha 1 taga, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi xodimlarning harakatlari bo‘yicha 20 taga, favqulodda vaziyatlar vazirligiga xizmatni tiklash yoki qabul qilish bo‘yicha 79 taga, ijtimoiy masalalar (asosan ish haqi pensiya) 3 taga, favqulodda vaziyatlar idoralari faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan masalalar 16 taga ko‘paygan.
Hisobot davrida televidenie va radioda 600 marotaba, gazeta va jurnallarda 170 marotaba, elektron ommaviy axborot vositalari orqali 205 marotaba, vazirlikning rasmiy veb-saytida 395 marotaba jami 1375 marotaba chiqishlar amalga oshirildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra eng ko‘p murojaatlar kelib tushayotgan, tizimli, dolzarb muammolar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 2019 yil yakunlari bo‘yicha tabiiy ofatlar bo‘yicha yetkazilgan zararlarni to‘lashning aniq-konkret mexanizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqish bo‘yicha taklifi maqullanib, 2020 yilgi Davlat dasturiga kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlandi.
Fuqarolar tomonidan asosan oxirgi vaqtlarda vazirlik tizimiga ishga qabul qilish yuzasidan murojaatlar ko‘payganligi bois, rahbariyatning ko‘rsatmasiga asosan bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlar vazirlikning veb-saytiga muntazam ravishda joylashtirib borilmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijroni nazorat qilish bo‘limi tomonidan har chorak yakuni bo‘yicha vazirlik rahbariyatiga ma'lumotlar (takliflar bilan birga) kiritib borilmoqda.
Shu bilan vazirlikda har chorak yakuni bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha tahliliy ma'lumotlar Hay'at yig‘ilishlarida muhokama qilinib, yig‘ilish qarori bilan tegishli chora-tadbirlar belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirig‘i ijrosini ta'minlash maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash bo‘limining murojaatlar bilan ishlash jarayonini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha 2020 yil uchun mo‘ljallangan dastur 2020 yil 15 yanvarda ishlab chiqilib, ijrosi ta'minlab kelinmoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslarga murojaatlarini ko‘rib chiqilganligi haqida statistik ma'lumotlar, vazirlik rahbariyatining qabul kunlari va vaqtlari, hududlarda o‘tkaziladigan sayyor qabullar grafigi to‘g‘risidagi ma'lumotlar vazirlikning rasmiy veb-saytiga (www.fvv.uz) joylashtirilib kelinmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligida “Ishonch telefoni” (71.212-66-11) va boshqa elektron shaklda kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari viloyatlar kesimida tahlil qilinib, kelib tushgan murojaatlar va ularning ko‘rib chiqilishi diagramma shaklida yuqorida ko‘rsatilgan veb-saytga joylashtirib boriladi, shu bilan birga yuqori ko‘rsatgichlarni ko‘rsatayotgan viloyatlarga tegishli ko‘rsatmalar yuboriladi, shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari ko‘rib boriladi.
Vazirlik tizimi faoliyatini xalq tomonidan baholash maqsadida, “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘ida “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi” hamda “Qutqaruvchi-maslahatchi” sahifalari ochilgan bo‘lib, bu orqali fuqarolarning e'tirozlari, takliflari va boshqa murojaatlari o‘rganib chiqilishi va o‘z vaqtida ma'lumotlar berib borilishi bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Murojaatlarning ko‘rib chiqilishi vazirlik rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olingan.