FVV ogohlantiradi:
18 oktyabr kuni ob-havo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi.Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat 22-27*S iliq bo'ladi.

Аholini ruhiy qo'llab-quvvatlash

Favqulodda vaziyatlarning psixologik jihatlari

Favqulodda vaziyatlarning psixologik jihatlari

Burch va sharaf so‘zlari – eng qiyin damlarimizda zudlik bilan yonimizga etib keluvchi, og‘ir damlarimizda biz bilan elkadosh bo‘la oladigan insonlarga tegishlidir. Bunday insonlar inson hayotini saqlab  qolish uchun, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, o‘zlarini olovga ham, suvga ham tashlashga tayyordirlar. Bunday hayrli kasb egalari Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi qutqaruvchilardir.

Barchamizga ma’lumki, o‘tgan XX asr davomida yirik, tabiiy hamda texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan. Shunga qaramasdan, ilm-fanda ekstremal inqiroz va favqulodda holatlarni to‘liq qamrab oladigan tushuncha xanuzgacha kiritilmagan. Bunday keskin va kutilmagan holatlarda, vaziyatga nafaqat ob’ektiv baho berish, balki insonlarni bunday holatni tushunib etishlari, anglashlari va ularning hulq-atvori nazarda tutilishi darkor. Insonlar, favqulodda vaziyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri guvoh, sababchi yoki jabrlanuvchi sifatida bu kabi holatlarga uzviy bog‘liq bo‘ladi. Aynan shu sababli, odamlarning keskin xolatlarga tushishiga javoban, ularda psixologik kechinmalarni yuz berishini inobatga olish zarur.

         Ekstremal vaziyatlarda ruhiy zo‘riqishga tushib qolgan insonlarga psixologik yordam ko‘rsatishda juda muhim bir xolatga e’tibor berish lozim: xaqiqiy ofat, favqulodda vaziyatning ta’siri tugagandan so‘ng, sodir etilgan voqealarni anglab olish jarayonida boshlanadi. Aynan shu paytda jabrlanuvchilar ruhiy yordamga juda muhtoj bo‘ladilar.

         Ta’kidlash kerakki, jabrlanuvchi va ularning yaqinlariga ruhiy yordam ko‘rsatishda ekstremal yo‘nalishdagi psixolog-mutaxassislar ish olib boradilar. Tushkunlikka tushib qolgan insonlarga atrofida sodir bo‘layotgan voqea hodisalarini anglab etishi qiyin kechadi, ushbu voqealarni anglab olmaganidan nima bo‘layotganini so‘zlab bera olmaydi.

         O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida 2014 yilda “Ruhiy ko‘mak berish bo‘limi” tashkil etildi. Favqulodda vaziyatlarda insonlarga ruhiy yordam ko‘rsatish mazkur bo‘limning asosiy vazifalaridan biri deb belgilangan. Bo‘lim hali yosh bo‘lishiga qaramasdan, uning xodimlari favqulodda vaziyatlarda ishtirok etib, ruhiy zo‘riqishga tushib qolgan jabrlanuvchilarga hamda qutqaruvchilarga yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Jumladan, qutqaruvchilar bilan individual suhbat va konsultatsiya o‘tkazilib borildi. Qolaversa, qutqaruvchilar faoliyatida ruhiy emotsional zo‘riqishlarning oldini olish hamda ularni turli kutilmagan hodisalarga tayyor turishlari uchun Ruhiy ko‘mak berish bo‘limi psixologlari tomonidan trening hamda relaksatsiya seans-mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Ish jarayonida turli psixokorreksion va terapevtik metodlardan foydalaniladi. Ushbu faoliyatning negizida asosan stress holatlarning oldini olish birinchi o‘rinda turadi. Bo‘lim mutaxassislari qutqaruvchilarning murakkab sharoitli faoliyatida, nostandart xolatlarga ruhiy jixatdan tayyor turishlarini ta’minlashga xarakat qildilar.

         Har birimiz qachondir hayot tasodiflariga duch kelganmiz. Ko‘pincha, bunday xolatlar keskin tus olib, yaqinlarimiz yoki o‘zgalarning yordamisiz ruhiyatimizda kechayotgan xissiyotlarni enga olmaymiz. Ayniqsa, qadrli insonlarimizning vafoti, yaqinlar bilan munosabatlarning buzilishi, ajrashish xolatlari bunga misol bo‘la oladi. Bunday vaziyatlarda, tushkunlikka tushgan insonlar turli dori vositalarni yoki spirtli ichimliklarini ist’emol qilishni afzal ko‘rishadi. Uzoq vaqt davom etadigan kuchli emotsional bosim va mudhish kechinmalar turli hil psixosomatik va fiziologik buzilishlarga olib keladi: oshqozon xastaligi (yazva), 12 barmoqli ichakning faoliyati buzilishi, ich ketishi, bosimnmng oshishi, yurakning ishemik kasalligi hamda gipertoniya. Ko‘pincha favqulodda xolat oqibatida uzoq davom etadigan – atrof muxitga nisbatan nafrat, qayg‘u, qo‘rquv, jahl, ranj-alam, depressiya kabi holatlar kuzatiladi. Bunday stress holatlarini boshidan kechirgan insonlar ko‘pincha shifokorning doimiy mijoziga aylanib qoladilar.

         Shunday qilib, Siz kuchli emotsional holatni boshdan o‘tkazdingiz – dil azobi, jahl, nafrat, vijdon azobi, qo‘rquv, vahima va boshqalar. Bunday holatlarda kuchingizni saqlab qolish, kechayotgan “bosimlarni engish” uchun kerakli sharoitlarni yaratish lozim. Bunday  harakatlar o‘zingizni qo‘lga olib, favqulodda xolatlarda juda kerakli bo‘lgan kuchingizni saqlab olishga yordam beradi. Buning uchun, 6 ta oddiy uslublardan foydalanish mumkin.

  1. Jismoniy mehnat bilan shug‘ullaning: mebel jihozlarini joyini almashtiring, uy tozalang, bog‘da ishlang.
  2. Jismoniy mashqlarni bajaring: yuguring, yoki biron bir masofani o‘rta meyyorda yurib o‘ting.
  3. Kontrast dush qabul qiling.
  4. Ovozingizni chiqarib baqiring, oyoq bilan erni uring, kerakmas chinnilarni sindiring.
  5. Yig‘lab oling, o‘zingizga yaqin insonlarga dardingizni ayting.
  6. Spirtli ichimliklarni ko‘p ist’emol qilmang, bunday xarakat vaziyatni yanada qiyinlashtiradi.

         Ko‘rib turganingizdek, ko‘rsatib o‘tilgan mashg‘ulotlar psixologik uslublar qatoriga kirmaydi, ko‘pincha kishilar shunga o‘xshash mashg‘ulotlarni intuitiv bajarishadi. Misol uchun: ayollar turmush o‘rtog‘i yoki farzandidan jahli chiqsa, janjal kelib chiqmasligi uchun darrov uy yumishlarini bajarishga kirishib ketadilar; erkak kishilar esa, g‘azab yoki jahli chiqsa sport zaldga borib jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanadi; ishdagi kelishmovchiliklarni yaqin kishimizga aytib engillashamiz. Bunday xarakatlar psixosomatik buzilishlarning oldini oladi, insonning psixologik xolatini normallashtiradi hamda ruhiyat va salomatik funksiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan kechinmalarni paydo bo‘lishining oldini oladi.

         Psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy vazifasi favqulodda vaziyatlar oqibatida negativ holatlarning oldini olish, yangi sharoitga moslashuv jarayonini anglash, shaxsning adaptiv va kompensator resurslarini aktivlashtirish kabi ishlarni amalga oshiradi. Jabrlanuvchilarga samarali psixologik yordam ko‘rsatish natijasi bu – ekstremal, noodatiy vaziyatlarda insonning ruhiy holatini normallashtirishdir.               

                                                                            Ruhiy ko’mak berish bo’limi bosh mutaxassisi J.Raximova

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech