2022 yil 18 mart kuniO‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha 2021 yilda bajarilgan ishlar yakuni va 2022 yildagi asosiy vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanini o‘tkazishdan asosiy maqsad – aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha respublikamizda olib borilayotgan tadbirlar bo‘yicha ommaviy axborot vositalariga ma'lumot berishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (keyingi o‘rinlarda – FVDT) 2021 yildagi asosiy faoliyati aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali tashkil etish va amalga oshirish, FVDT boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarining tayyorgarligini oshirish bo‘yicha tadbirlarga qaratildi.
Qayd etish kerakki, FVDT tomonidan o‘tgan 2021 yil davomida asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, FVDTga kiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan gidrotexnik inshootlar, suv omborlari va sel-suv omborlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar sifatiga baho berish maqsadida respublikadagi jami 73 ta suv va sel-suv omborlari o‘rganib chiqildi.
Jumladan, tabiiy ofatlar xavfi mavjud hududlardan ko‘chirilishi lozim bo‘lgan jami 71 ta xo‘jalikdan 25 ta xo‘jalik xavfsiz hududlarga doimiy, 46 ta xo‘jalik vaqtincha yashash uchun ko‘chirilgan.
Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, tegishli vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar hamkorligida xavfli hududlardagi daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash maqsadida, 151 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, ularda 44,8 ming m3 tuproq ishlari, 43,2 ming m3 qum-shag‘al ishlari, 2631,7 m3 beton ishlari bajarildi hamda ichki ariqlar va magistral kanallar tozalandi.
Farg‘ona vodiysini respublikaning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil' yo‘li va “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tuvchi qismida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun mas'ul vazirliklar va idoralar tomonidan 6,5 ming m3 kyuvet tozalash, 865 ming m3 tuproq va shag‘al ishlari bajarilib, 1,6 ming m3 gabion setkalarini qurish, qor ko‘chkisini to‘sib qoluvchi moslamalarni ta'mirlash, “Qamchiq” va “Rezak” tonnellarida favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabar berish uchun 134 dona ovozkuchaytirgich o‘rnatish ishlari bajarildi.
Bundan tashqari, hisobot yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hamda Qashqadaryo viloyatlari FVDT hududiy quyi tizimining boshqaruv organlari va kuch-vositalari bilan hamkorlikda qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan o‘quv mashqlariga jami 32 ming nafardan ortiq shaxsiy tarkib va 21 mingta maxsus texnika jalb etildi.
Shu bilan birga, joylarda tashkil etilgan 665 ta ishchi guruhlar tomonidan tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishda xavfsizlik qoida-talablariga rioya etilishini o‘rganish hamda dudburon va shamollatish tizimlarining texnik holatini ko‘rikdan o‘tkazish davrida respublika hududidagi 2 mln. 895 ming 722 ta yakka tartibdagi turar joylar, 36 ming
213 ta ko‘p kvartirali uylar va ulardagi 1 mln. 212 ming 598 ta xonadonda va 7 ming153 ta tadbirkorlik sub'ektida o‘rganishlar, shuningdek, 24 ming
416 ta ijtimoiy ob'ektda tekshirishlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklardan 108 ming 747 tasi bartaraf etilgan.
Shunga qaramasdan, kuz-qish mavsumida sertifikatlanmagan isitish jihozlaridan foydalanish, tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlaridan hamda isitish pechlaridan foydalanishda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmaslik, dudburonlardagi nosozliklar, gaz, elektr va issiqlik ta'minoti tizimlarini mavsumga tayyorlash ishlari talab darajasida amalga oshirilmasligi hamda iste'molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlarining iste'molga chiqarilishi kabi holatlar favqulodda vaziyatlarning sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda respublika hududida jami 126 ta favqulodda vaziyat (80 ta texnogen, 46 ta tabiiy) sodir bo‘lgan. Ularning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari (31%), aholi uy-joylarida gaz (portlashi) chaqnashi (13,5%), aholining tabiiy, is gazidan va toksik moddalardan zaharlanishi (31,7%), binolar, inshootlar va yer jismlarining qulashi (7,1%), avtomobildagi yong‘in hodisalari (4%) tashkil etgan.
2021 yil respublikada sodir bo‘lgan yong‘inlar soni 10 667 tani tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 423 ta (3,8 foiz)ga, yong‘inlarda insonlarning halok bo‘lish holatlari 112 nafarni tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 14 nafar (11,1 foiz)ga va yong‘inlarda insonlarning kuyish tan jarohati olish holatlari 240 nafarni tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 20 nafar (7,7 foiz)ga kamaygan.
2022 yilda respublikada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish, sodir bo‘lganda ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, aholini va rahbarlar tarkibini favqulodda vaziyat(hodisa)larda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash maqsadida FVDTning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
FVDTni favqulodda vaziyat (noxush hodisa)larga olib kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar va xavflarni oldindan aniqlagan holda bartaraf etuvchi, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda, o‘z vaqtida va kompleks yordam ko‘rsatuvchi mobil, zamonaviy va professional tizim sifatida yanada takomillashtirish;
aholi, eng avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj (bolalar, ayollar va imkoniyati cheklanganlar) aholi qatlamlari bilan muloqotni kengaytirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida o‘zaro hamkorlikni ta'minlash;
O‘zbekiston Respublikasi FVV tuzilmasini takomillashtirish, aholi va hududlar xavfsizligiga tahdidlar, tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli xavflar manbalarini hisobga olgan holda, tumanlar va shaharlar miqyosida kuch va vositalarni samarali taqsimlash, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda, o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatuvchi turli xizmatlarning tezkor harakatini muvofiqlashtiruvchi mexanizmlar faoliyatini tashkil etish;
favqulodda vaziyat (noxush hodisa)lar sodir bo‘lish xavfini barvaqt aniqlash maqsadida monitoring, tahlil va prognozlash tizimini takomillashtirish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga mas'ul rahbarlar va mansabdor shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda fuqarolarni favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda harakat qilishga tayyorlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyat (yong‘in)lardan muhofaza qilish bo‘yicha davlat ekspertizasi, nazorati, tekshiruvini amalga oshirish;
ta'lim muassasalari uchun “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” bo‘yicha davlat ta'lim standartlari va o‘quv dastur (mavzu)larini takomillashtirish hamda amalda tatbiq etish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyat(yong‘in)lardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida huquqiy-me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqishni davom ettirish.