Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2017 yil asosiy tadbirlar rejasiga asosan joriy yilning 23-25 may kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qo‘mondonlik shtab-o‘quv mashqlari (QSHO‘M) o‘tkazilmoqda.
O‘quv mashqi g‘oyasiga ko‘ra, joriy yilning 23 may kuni soat 09:20da Toshkent shahrida 10-12 sekund davomida Rixter shkalasi bo‘yicha 8 ball kuchlanishda yer silkinishi sodir bo‘ladi.
O‘quv mashqining asosiy maqsadi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida zilzila va uning ikkilamchi omillari natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha shahar va viloyat boshqaruv organlari kuch va vositalarining harakatlarini muvofiqlashtirish hisoblanadi.
QSHO‘Mga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati shahar va tuman hokimliklari, kommunal soha, jamoat tartibini saqlash, tez tibbiy yordam, avtotransport xizmatlari hamda hududlardagi mahalla aholisining bir qismi jalb etildi.
O‘quv mashqiga jalb etilgan kuch va vositalarni boshqarish maqsadida Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani Yangiturmush MFY, Pedagogika kasb-hunar kolleji hududida asosiy boshqaruv punkti hamda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Texnologiya kasb-hunar kolleji hududida yordamchi boshqaruv punkti tashkil etildi.
Shuningdek, rahbarlar tarkibi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqatda bo‘lish maqsadida, FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi bilan “O‘zbektelekom” AKning texnik vositalari yordamida “Toshkent-To‘ytepa-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha videokonferensiya aloqasi tashkil etilib, har kungi holat yuzasidan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 23 may kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan sanoat zonasi hududida va “Toshkent IES” OAJda, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi Temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasida hamda “Ikkilamchi qora metallarni qabul qilish” korxonasi Angren filialida zilzila oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish, vayron bo‘lgan binolarda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi (MTO‘M). O‘tkazilgan MTO‘Mlariga jami 250 nafar xodim va 50 ta avtotexnikalar jalb etildi.
Mazkur qo‘mondonlik shtab-o‘quv mashqlari 25 may kunlari ham davom etadi.