Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

28 sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi binosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda "Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

2021 yil 28 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta'minot” AJ hamkorligida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar  agentligida “Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.  Matbuot anjumanini o‘tkazishdan asosiy maqsad – aholi turar joylari va iqtisodiyot ob'ektlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, elektr jihozlarining nosozligi, qo‘lbola va nostandart isitish vositalari, is gazidan zaharlanish, uy sharoitida turli xil gaz so‘rish vositalaridan foydalanish, qo‘lbola shlanglar orqali ulanish, tez alangalanuvchi vositalarning yong‘in manbaiga yaqin qo‘yilishi, yosh bolalarning ochiq olov chiqaruvchi vositalar bilan nazoratsiz  qoldirilishining oldini olish yuzasidan tavsiyalar berish, shuningdek, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar bo‘yicha ma'lumot berishdan iborat.  Amalga oshirilgan tadbirlar mazmuniga to‘xtaladigan  bo‘lsak, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta'minlash maqsadida, jami 529 ta ishchi guruh tashkil etilib, ularga taalluqli idoralar vakillaridan 7.606 nafar xodim jalb etilgan. Bulardan tashqari, “Hududgazta’minot” AJ, Uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda pech va dudburonlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar mutaxassis ustalaridan iborat 204 ta ta'mirlash-tiklash otryadi tashkil etilib, bugungi kunga qadar jami 2 mln. dan ortiq yakka tartibdagi aholi turar joylari, 27 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar va ulardagi 1 mln ga yaqin  xonadonlarda o‘rganishlar o‘tkazildi.Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, o‘tgan 2020/2021 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida olib borilgan profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan respublikada 6691 ta yong‘in sodir bo‘lib, oqibatda 97 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 159 nafar inson kuyish tan jarohatini olgan. Ushbu hodisalar sabab keltirilgan moddiy zarar miqdori 91 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Sodir bo‘lgan yong‘inlarning 5751 tasi, ya'ni 86 foizi aholi turar-joylariga to‘g‘ri kelgan.    Yong‘inlar sabablari tahlil qilinganda, ularning 31 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 28 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 22 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9,7 foizi bolalar sho‘xligi, bundan tashqari, 7 foizi yotoq joyida tamaki mahsulotlarini chekish oqibatida yuzaga kelganligini ko‘rsatadi. Aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, baxtsiz hodisalar aksariyat holatlarda tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlarini hamda isitish pechlarini ishlatishda “gazdan foydalanish”, “texnik va yong‘in xavfsizligi” qoidalariga rioya etilmaganligi, gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanish, xonadonlarda ochiq olovdan foydalanish hamda dudburonlarning nosozligi oqibatida kelib chiqmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib,  Sizlardan quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz:- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;- isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlarining dudbo‘ronlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o‘rnatilishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;- nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmang, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasidan foydalaning;- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (ya'ni gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e'tibor bering.    Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar bering. Ushbu qoidalarga rioya etish orqali Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni turli baxtsiz hodisalar va yong‘inlardan asrab qolgan bo‘lasiz.
E'tiboringiz uchun rahmat.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech