2017 yilning 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan «Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida fan va texnologiya yutuqlari» mavzusida ilmiy seminar-ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademiklari faoliyatini rag‘batlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi UP-4907-sonli Qarori talablarini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining hamkorligida amalga oshirildi.
Seminarni o‘tkazishdan maqsad ushbu qaror talablaridan kelib chiqib mavjud ilmiy salohiyat va vositalarni aholi va hududlarni muhofaza qilish sohasidagi asosiy tadqiqotlarga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida texnologiyalar banerlar, bukletlar va maketlar ko‘rinishida namoyish etilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligining respublika aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi mavjud muammolarga ilmiy yondoshish bo‘yicha ehtiyojlari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyatida yuzaga keladigan muammolarni yechishda, respublika ilmiy muassasalarining salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Seminarda shuningdek, turli mavzularda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishni tashkil qilish (zilzila, sel va toshqinlar, ko‘chkilar natijasida kelib chiqadigan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda iqtisodiyot obyektlarining barqarorligini oshirish, mavjud xavflarni baholash uslublarini ishlab chiqish va h.k.) hamda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Seminarda turli soha vakillari, jumladan, Fanlar Akademiyasi akademiklari, Oliy o‘quv yurtlarining seysmologiya, zilzilabardoshlik, o‘simliklar va hayvonlar muhofazasi, biologiya, kimyo va boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan olimlar, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibiy tuzilmalarining aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi tadbirlarning bajarilishiga mas’ul bo‘lgan rahbar xodimlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida ishtirokchilar e’tiboriga aholi va hududlarni muhofaza qilish sohasida erishilgan fan va texnologiya yutuqlari namoyish etildi. Ishtirokchilar tomonidan seminar-ko‘rgazma aholi va hududlarni muhofaza qilish sohasida turli ilmiy muassasalar va yetakchi olimlar o‘rtasida tajriba almashish maydonchasiga aylanganligi qayd etildi.
Seminar ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilar o‘z vaqtida tashkil etilganligini, ko‘tarilgan muammolar dolzarb ekanligini qayd etishdi.
Seminar natijalari bo‘yicha aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish lozimligi to‘g‘risida qaror qabul qilinib, tegishli takliflar ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
FVV Matbuot xizmati