Shu yilning 18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida “Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2016 yildagi asosiy tadbirlar rejasining bajarilishi va 2017 yildagi ustuvor vazifalari”ga bag‘ishlangan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi devoni, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, Favqulodda vaziyatlar Davlat tizimiga kiruvchi 40 ga yaqin vazirlik va idora rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirning dastlabki qismida Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari K.Aripov “Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2016 yildagi asosiy tadbirlar rejasining bajarilishi va 2017 yildagi ustuvor vazifalari” mavzusida ma’ruza qildi.
U o‘z ma’ruzasida o‘tgan 2016 yilda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish yuzasidan qator tadbirlar amalga oshirilganligi borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Darhaqiqat, o‘tgan 2016 yil mobaynida vazirlik tomonidan favqulodda vaziyatlarni oldini olish, sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining tegishli xizmatlari tomonidan is gazidan, oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanishlar hamda tabiiy gaz chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida, o‘tgan 2016 yil mobaynida 628 ming 722 marotaba suhbatlar o‘tkazilib, ma’ruzalar o‘qib yetkazildi. 1 mln 110 ming 891 dona eslatma va bukletlar tarqatildi. Shu bilan birga, 634 ming 596 ta shaxsiy hovli joylar, 23 ming 108 ta ko‘p qavatli uylar va ulardagi 918 ming 97 ta aholi yashash xonadonlari o‘rganib chiqilib, aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazildi.
Biroq, shuni alohida ta’kidlash joizki, kompleks chora-tadbirlar rejasida isitish mavsumida aholi orasida targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan, xususan, markaziy va mahalliy teleradiokompaniyalar imkoniyatlaridan keng qamrovli foydalanish ko‘zda tutilgan bo‘lsada, is gazidan zaharlanishlarning oldini olishga qaratilgan tematik videoroliklarni ommabop vaqtlarda efirga uzatishda qiyinchiliklarga duch kelinayotir.
Sel, suv toshqinlari, yer ko‘chkisi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish borasida ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. O‘tgan yil davomida respublikaning tog‘li hududlaridagi qor zahiralarini va baland tog‘li ko‘llarning holatini baholash hamda qor ko‘chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida, 7 marotaba aerovizual kuzatuv ishlari amalga oshirildi. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida daryo va soylarning qirg‘oqlarini mustahkamlash va o‘zanlarini tozalash bo‘yicha 1362,6 ming m3 tuproq, 91,4 ming m3 tosh ishi, 8,2 ming m3 beton ishi va 172 tonna metall ishlari amalga oshirilgan. Ushbu ishlarga 20 mlrd. so‘mdan ziyod byudjet mablag‘larining sarflangani davlatimiz tomonidan aholi muhofazasiga qaratilgan yuksak e’tibordan dalolat beradi.
Yoshlarni Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbati, sadoqatini yuksaltirish, qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari o‘rtasida shahar va tuman, viloyat hamda respublika bosqichi musobaqalari o‘tkazildi. Unda 1193 ta o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarining 14 ming 102 nafar o‘quvchilari, 2132 ta umumta’lim maktablarining 17 ming 42 nafar o‘quvchilar jalb etilgan.
Bo‘lib o‘tgan hay’at yig‘ilishi davomida Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirliklari, “O‘zgidromet”, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va boshqa bir qator tegishli vazirlik, tashkilot va idoralar rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda vakillari 2016 yil davomida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etish borasida, sohaga oid ma’ruzalarini o‘qib eshittirdilar.
FVV Matbuot xizmati