Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

“Is gazidan zaharlanishning umumiy statistikasi va ushbu muammoni hal etish borasidagi masalalar” mavzusida matbuot anjumani

Mamlakatimizda ob-havo haroratining keskin pasayib ketishi aholining isitish moslamalariga nisbatan ehtiyojini sezilarli darajada oshiradi. Qayd etish joizki, bunday holatlarda texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik turli baxtsiz hodisalarni keltirib chiqaradi. Asosiy xavflardan biri bu – is gazidan zaharlanishdir. Achinarlisi, aksariyat hollarda is gazi to‘g‘risida yetarli ma'lumotlarga ega bo‘lmagan insonlar aynan uning qurboniga aylanishmoqda.
Ayni dolzarblikdan kelib chiqqan holda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalari agentligida “Is gazidan zaharlanishning umumiy statistikasi va ushbu muammoni hal etish borasidagi masalalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil qilish rejalashtirilgan.
Unda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi tashkilot xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etadi. Mazkur tadbirda mutaxassislar tomonidan is gazining kelib chiqishi, undan zaharlanish oqibatlari, bu borada olib borilayotgan profilaktik tadbirlar to‘g‘risida ma'lumotlar berib o‘tiladi.
Ma'lumot uchun eslatib o‘tish joiz, is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, ko‘p uchraydigan zaharli birikma tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi, chala yonishi oqibatida vujudga keladi. Is gazi organizmga nafas a'zolari orqali ta'sir etadi. Ushbu gaz kislorodga nisbatan 300 marotaba tez va ko‘proq gemoglobinga birikish xususiyatiga ega. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislarod tashish xususiyati juda pasayib, gipoksiyaga, og‘ir zaharlanganda anoksiyaga olib kelishi mumkin.
2021-2022 yil kuz-qish mavsumi davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta'minlash maqsadida jami 665 ta ishchi guruh tashkil etilib, ularga taalluqli idoralar vakillaridan 9 ming 203 nafar xodim jalb etildi.
Bulardan tashqari, “Hududgazta’minot” AJ, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va boshqa tashkilotlarning mutaxassis ustalaridan iborat 204 ta ta'mirlash-tiklash otryadi tashkil etilib, bugungi kunga qadar jami 8 mln. 109 ming 162 ta yakka tartibdagi aholi turar joylari, 41 ming 835 ta ko‘p qavatli uylarda o‘rganishlar o‘tkazildi.
Shunga qaramasdan Respublikamiz hududida 2021 yilda is gazi bilan bog‘liq jami 74 ta xolat aniqlanib, ushbu xolatlarda 67 nafar fuqaro zaxarlangan va 128 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, joriy yilning 25 yanvar' holatiga ko‘ra, 16 holatda 9 nafar fuqaro zaxarlangan va 28 nafar fuqaro vafot etgan.
Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:
fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;

nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish shular jumlasidan.
Shuningdek, isitish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlardan yana biri bu gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, portlash hamda yong‘inlarning sodir bo‘lishidir. Afsuski, bugungi kunda fuqarolarimiz tomonidan yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida bunday holatlar tez-tez uchrab turibdi. Bunga kuni kecha Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida sodir bo‘lgan vaziyat yaqqol misol bo‘la oladi.
Mutaxassislar tomonidan tahlillar olib borilganda, yong‘inlarning
30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida, 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 16 tasi havo va gaz aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan.
Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.
Mavsumni betalofat o‘tkazish, shuningdek, kuz-qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz:
- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim
va kabellardan foydalanmang;
- elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;
- isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularni qoida talablari asosida o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;
- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;
- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;
- gaz ta'minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil eting;

- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;
- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;
- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e'tibor bering.
Shu munosabat bilan vatandoshlarimizdan yuqorida sanab o‘tilgan holatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz.
Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar bering.

FVV Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech