Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

Kongo - Qrim kasalliklarini oldini olishga bag’ishlandi

Joriy yilning 30 mart kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Kongo-Qrim va boshqa gemorragik isitma kasalliklarini oldini olish bo‘yicha respublikamiz miqyosida olib borilayotgan tadbirlar” mavzusiga bag’ishlangan matbuot anjumani  o‘tkazildi.

Anjumanda Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda boshqa tegishli mutaxassislar tomonidan Kongo-Qrim va boshqa gemorragik isitma kasalliklarini oldini olish bo‘yicha respublikamiz miqyosida olib borilayotgan ishlar, xavfli yuqumli kasalliklarni oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar haqida ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma'lumotlar berildi.             

Tadbirda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va mutaxassislari, shuningdek, Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi, Salomatlik va tibbiy statistika instituti, Davlat veterinariya bosh boshqarmasi mas'ul xodimlari, jurnalistlar, davlat va nodavlat axborot agentliklarining ijodiy-texnik xodimlari ishtirok etdilar. 

Matbuot anjumani davomida soha mutaxassislari mavzu yuzasidan o‘z ma'ruzalarini o‘qib eshittirdilar.

Hususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hamkorlikda olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga oid ma'lumotlar asoslantirilgan tarzda, boy materiallar orqali, elektron slaydlar shaklida ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi.

O‘z o‘rnida ta'kidlab o‘tish joizki, Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligi dastlab 1944 yilda Qrimda, 1956 yilda esa Kongo davlatida bir guruh odamlarda uchragan.

Bu kasallik – odamlarga asosan mayda shoxli va yirik shoxli qoramollardagi kanalarni terish, ularni junini olish yoki cho‘l hududlarida ularni boqish jarayonida insonlarni kana chaqishi orqali yuqadi. Iksod kanalarining hazm yo‘llarida ko‘plab miqdorda kasallik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan viruslar mavjud bo‘lib, kana odamni chaqqanda qonga tarqaladi.

Virus ajratgan moddalar natijasida odam qonining ivishi izdan chiqadi natijada burun va boshqa tabiiy teshiklardan qon ketishi kuzatiladi. Kasallik og‘ir kechadi va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa oqibati nohush tugashi mumkin.

Bu kabi kasalliklarning oldini olish uchun, qishloq hududlaridagi yakka xo‘jaliklarda chorva mollarini saqlash sharoitini to‘g‘ri tashkil etish va kanalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Hayvon boqiladigan molxona, qo‘ra va qo‘tonlarning tuproqlari, loy qilingan devorlar  kana ko‘payishi uchun yaxshi sharoit hisoblanadi. Shu bois, kasallikka qarshi kurashishning samarali usuli kanalar chaqishining oldini olish, ularni yo’q qilishdan iborat. Kanalarni yo‘q qilish uchun uy hayvonlarining terisi yilning mart oyidan sentyabr oyiga qadar haftada bir marta xlorli birikmalar bo‘lgan maxsus dezinseksion moddalar bilan ishlovdan o‘tkazilishi lozim.

Shuningdek, tibbiyot vakillari va bemorlarni parvarish qiladigan xodimlar kasallik bilan zararlangan kishilarning yaqinlariga kasallik yuqishiga yo’l qo’ymasliklari zarur. Buning uchun ular o‘z faoliyatida doka niqob, rezina qo‘lqop va teri himoya kiyimlaridan (xalat, kostyum va h.k.) keng foydalanishlari maqsadga muvofiq.

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining tabiiy o‘choqlari mavjud hududlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Veterinariya va boshqa tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda salmoqli chora-tadbirlar tizimli ravishda hayotga tatbiq etilmoqda. Hususan o’tgan davr mobaynida:

- respublikamizning barcha viloyatlari, tuman va chekka qishloq joylarida molxona, qo‘ra va qo‘tonlarni mavsum oldidan kimyoviy ishlovdan o‘tkazish, kimyoviy moddalar zaxirasini yaratish, “qirqim”ga tayyorgarlik ko‘rish, “qirqim”da ishtirok etadigan ishchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash ishlari o‘rganib chiqildi;

- barcha turdagi o‘quv muassasalari: 784 ta maktab, 196 ta kollej va litseylarda suhbatlar, seminarlar va ma’ruzalar tashkil qilindi, ushbu tadbirlarda  jami 50 mingdan ortiq o‘quvchi-talabalar va o‘qituvchilar ishtirok etdilar;

- jami 180 dan ortiq mahallalarda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga uyma-uy yurish usulida targ‘ibot ishlari olib borildi va eslatmalar tarqatildi;

 - bundan tashqari, Fuqaro muhofazasi institutining rahbar xodimlar tarkibidan bo‘lgan 1454 nafar  tinglovchilari va hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari Aholini va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlarining
27483 nafar tinglovchilari bilan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, jumladan Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi;

- shu bilan bir qatorda, chorva mol bozorlarida radiouzel orqali kasallik profilaktikasi va chorva mollarini kanadan saqlash bo‘yicha tavsiyalarni o‘qib eshittirishga alohida e’tibor qaratilmoqda;

- joylarda o‘tkazilgan 26 ta qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha o‘quv nuqtalari tashkil etilib, xizmatlarning hamkorlikda harakat qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga e’tibor qaratildi. Qolaversa, ushbu mavzuda taktik-maxsus o‘quv mashqlari ham o‘tkazib kelinmoqda.

Qrim-Kongo gemorragik isitma va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bilan kurashish nafaqat tegishli xizmatlarning burchi bo‘libgina qolmasdan, balki keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaroning zimmasidagi mas’uliyatdir.

Milliy matbuot markazida o’tkazilgan tadbir yakunida, soha mutaxassislari ommaviy axborot vositalari xodimlarining qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berdilar.

             

FVV Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech