2021 yil 10 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari va “Hududgazta'minot” AJ hamkorligida Milliy matbuot markazida “Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanini o‘tkazishdan asosiy maqsad – aholi turar joylari va iqtisodiyot ob'ektlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, elektr jihozlarining nosozligi, qo‘lbola va nostandart isitish vositalari, is gazidan zaharlanish, uy sharoitida turli xil gaz so‘rish vositalaridan foydalanish, qo‘lbola shlanglar orqali ulanish, tez alangalanuvchi vositalarning yong‘in manbaiga yaqin qo‘yilishi, yosh bolalarning ochiq olov chiqaruvchi vositalar bilan nazoratsiz qoldirilishining oldini olish yuzasidan tavsiyalar berish, shuningdek, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar bo‘yicha ma'lumot berishdan iborat.
Amalga oshirilgan tadbirlar mazmuniga to‘xtaladigan bo‘lsak, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta'minlash borasida profilaktik tadbirlar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi F-207-son farmoyishi talablari asosida joriy yilning may oyidan boshlangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar profilaktik tadbirlarni o‘tkazish maqsadida joylarda 824 ta ishchi guruhi tashkil etilib, ularga jami 8.752 nafar taalluqli idoralar vakillari jalb etildi. Bulardan tashqari, “Hududgazta’minot” AJ, Uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda pech va dudburonlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar mutaxassis ustalaridan iborat 204 ta ta'mirlash-tiklash otryadi tashkil etilib, bugungi kunga qadar 4.420 ta Xususiy uy joy mulkdorlar shirkatlarining 4.278 tasida (96,8 foiz) va 9.172 ta mahallalarda (100 foiz) o‘rganishlar o‘tkazildi. Ularning hududida joylashgan 38.608 ta ko‘p kvartirali uylarning 38.546 tasida (99,8 foiz) o‘rganishlar o‘tkazildi.
Aholi turar joylarida olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘inlar va ularning sabablari tahlilidan kelib chiqib, 5 mln 917 ming 604 ta aholi turar joylaridan 3 mln 516 ming 198 tasi hamda 26.830 ta dala hovlilardan 11.184 tasi tekshirildi.
Aholi turar joylarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 187.864 ta kamchiliklar aniqlanib, shulardan 153.821 tasi (81,9 foiz) joyida bartaraf etildi.
Shulardan, ko‘p kvartirali uylarda aniqlangan 73.794 ta kamchiliklardan 57.654 tasi (78,1 foiz) joyida bartaraf etildi.
Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, baxtsiz hodisalar aksariyat holatlarda elektr energiyasidan, tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlari hamda isitish pechlarini ishlatishda “gazdan foydalanish”, “texnik va yong‘in xavfsizligi” qoidalariga rioya etilmaganligi, gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanish, xonadonlarda ochiq olovdan foydalanish hamda dudburonlarning nosozligi oqibatida kelib chiqmoqda. Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, baxtsiz hodisalar aksariyat holatlarda elektr energiyasidan, tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlari hamda isitish pechlarini ishlatishda “gazdan foydalanish”, “texnik va yong‘in xavfsizligi” qoidalariga rioya etilmaganligi, gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanish, xonadonlarda ochiq olovdan foydalanish hamda dudburonlarning nosozligi oqibatida kelib chiqmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Sizlardan quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz:- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;- isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o‘rnatilishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish hamda ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;- nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmang, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasidan foydalaning;- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (ya'ni gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e'tibor bering. Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar bering. Ushbu qoidalarga rioya etish orqali Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni turli baxtsiz hodisalar va yong‘inlardan asrab qolgan bo‘lasiz.