2017 yilning 18 may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “2017 yilda sel-toshqin va yer ko`chki hodisalari bilan bog`liq favqlodda vaziyatldardan aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida oshirilayotgan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda vazirlik mutaxassislari bilan birgalikda, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni oldini olish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfni imkon qadar kamaytirish, ro‘y bergan taqdirda esa odamlar sog‘lig‘ini saqlash, aholini to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish, atrof-muhitga yetadigan zarar va moddiy talofatlar miqdorini kamaytirish, shuningdek, kelgusida bajariladigan tadbirlar borasida ommaviy axborot vositalari vakillariga atroflicha axborot berishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida, favqulodda vaziyatlarni monitoring va bashorat qilish, aholini tayyorlash, to‘g‘ri harakatlanishga oid amaliy ko‘nikmalarini oshirish, respublikamizdagi favqulodda vaziyatlar xavfi mavjud hududlarni o‘rganish va kamaytirish bilan bog‘liq profilaktik tadbirlarni amalga oshirish kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Bugungi kunda sel va suv toshqinlari xavfi mavjud uchastkalarda 115 ta taktik-maxsus o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Ushbu o‘quv mashqlariga 9906 ta shaxsiy tarkib, 1228 ta muhandislik va boshqa texnikalar jalb etilib, 123189,7 m3 tuproq, 36696 m3 tosh-shag‘al, 2968,3 m3 beton, 220868 p/m o‘zan tozalash ishlari amalga oshirildi.
Xususan, joriy yilda respublika miqyosida jami bo`lib 213 ta statsionar oromgohlarga o`z faolioyatini yuritishiga ruxsat etilgan. Jizzax viloyati Jizzax tumanida joylashgan “Bobur” va “Bo`ston” oromgohlari sel-toshqini xavfi mavjudligini inobatga olib, 2017 yilda faoliyat yuritishi uchun ruxsat etilmadi.
Respublikamiz hududida joylashgan bolalarni sog`lomlashtirish oromgohlar rahbarlari bilan Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlari maxsus 7 soatlik dastur asosida 406 nafar xodimlar tayyorgarlikdan o`tkazildi.
Yuzaga kelishi mumkin bo`lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda dam oluvchi bolalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Ichki ishlar idoralari bilan birgalikdagi 213 ta statsionar oromgohlarning evakuatsiya tadbirlari va favqulodda vaziyatlarda to`gri harakat qilish rejalari qayta ko`rib chiqildi va ularga aniqliklar kiritildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘z faoliyati davomida vazirliklar, idoralar va boshqa nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, ularni oldini olish va profilaktik chora-tadbirlarga qaratilgan bir qator tadbirlarni amalga oshirilayotgani e’tirof etildi. Shu bilan birga, har yili “O‘zgidromet” markazi va Davlat geologiya qo‘mitasining xodimlari bilan birgalikda, sel, suv toshqini va ko‘chki xavfi mavjud hududlar birma-bir o‘rganib chiqilyotgani hamda baland tog‘li hududlaridagi ko‘llarni holati va qor zahirasini aniqlash maqsadida, aerovizual kuzatuv ishlari tashkil etilyotgani alohida ta’kidlandi.
Anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.