2017 yilning 24 fevral kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Respublika fuqarolarining qarovsiz hayvonlardan jarohatlanishi va quturish kasalligining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat veterinariya bosh boshqarmasi, “Mahalla” hayriya jamoat fondi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholining barcha qatlamlarini quturish kasalligi va uning oqibatlarini oldini olish to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kasallikka qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish, quturish kasalligiga qarshi kurashishning dolzarb ahamiyatini keng jamoatchilikka etkazishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida mahalla, qishloq fuqaro yig‘inlari tomonidan it saqlovchi fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida veterinariya idoralariga taqdim etish, “Quturish kasalligi va uning profilaktikasi” mavzusida mahallalarda, idora, tashkilot va muassasalarda suhbatlar tashkil etish va profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kabi masalalar muhokama etildi.
Anjumanda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Radiatsion kimyoviy va biologik (baktereologik) muhofaza boshqarmasi, Sog‘likni saqlash vazirligi Respublika DSENM, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Veterinariya Bosh boshqarmasi, IIV Huquqbuzarlikni oldini olish Bosh boshqarmasi mutaxassisilari tomonidan mavzuga oid maruzalar o‘qib eshittirildi.
Tahlillarga ko‘ra, quturish kasalligi aksariyat hollarda fuqarolarning it saqlash qoidalariga rioya etmasliklari oqibatida, hayvonlar bilan munosabatda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yishi, jabrlanuvchilarni quturishga qarshi emlash uchun antirabik yordam xizmatiga o‘z vaqtida murojaat qilmasliklari va daydi itlarni tutish xizmatlarining etarli darajada faoliyat olib bormayotganligi tufayli kelib chiqmoqda.
Quturish kasalligi virus keltirib chiqaradigan kasallik bo‘lib, u yovvoyi tabiatda – bo‘rilar, chiyabo‘rilar, tulkilar, yonotsimonlarda uchraydi. Shu bilan bir qatorda, itlarda ham mazkur virus borligi aniqlangan. Agar kasallikka qarshi chora ko‘rilmasa, o‘z navbatida itlar virusni odamlarga yoki boshqa uy hayvonlariga yuqtirishlari mumkin. Shu sababli itlarni bog‘liq holda saqlash va o‘z vaqtida emlatish muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunga qadar dunyo miqyosida mazkur kasallikning davosi topilgani yo‘q. Quturish kasalligining ahamiyatini inobatga olib, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan 2009 yil 28 sentyabr kuni “Xalqaro quturish kasalligiga qarshi kurash kuni” deb e’lon qilingan. Mamlakatimizda bunday kasalliklarning oldini olish uchun har bir tuman tibbiyot birlashmalarining markaziy poliklinikalari va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida antirabik yordam ko‘rsatuvchi punktlar faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 202-sonli Qarori bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarda muhim dasturilamal bo‘lib kelmoqda. E’tiborlisi, mazkur qarorda barcha tegishli xizmatlarning vazifalari belgilab berilgan. Xususan, uning 4-ilovasida “Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalari” tasdiqlangan bo‘lib, ushbu qoidalarda har bir tegishli muassasa, shuningdek, fuqarolarning ham majburiyatlari atroflicha muvofiqlashtirilgan.
Joriy yilning fevral oyi davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashabbusi bilan Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Veterinariya xizmatlari va mahalliy hokimliklar hamkorligida joylarda fuqarolarning qarovsiz hayvonlardan jabrlanishi va quturish kasalligini oldini olish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida mazkur mavzuda ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, ularning barchasi markaziy telekanallar orqali muntazam yoritib borilmoqda;
- tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda joylarda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 202-sonli Qarori bilan barcha tegishli xizmatlarga yuklatilgan vazifalarni bajarilishi holati o‘rganib chiqilmoqda;
- aholining turli qatlamlari orasida tushuntirish targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda: amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, fevral oyi davomida 67420 bosh it quturish kasalligiga qarshi emlangan, it saqlash qoidalarini buzgan 145 nafar fuqarolarga ma’muriy bayonnomalar tuzilib, qoidabuzarlik ishlari sudga oshirilgan, natijada jami 7123250 so‘m miqdorida jarima undirilib, 2103 nafar it egalari qat’iy ogohlantirilgan; qolaversa, oy davomida 266476 ta xonadonlar uyma-uy yurish usulida o‘rganiib chiqildi; shu bilan bir qatorda, 2940 ta ta’lim muassasalarida hamda 4783 ta tashkilot va muassasalarda mavzuga oid darslar va seminarlar tashkil etildi; ushbu tadbirlar davomida 118531 dona quturish kasalligi profilaktikasi bo‘yicha eslatma va bukletlar tarqatildi.
Odamlar va hayvonlar o‘rtasida quturish kasalligini oldini olish maqsadida mutaxassislar tomonidan oltin qoidalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularni quyidagicha tavsiflash mumkin:
- Egasiz, daydi itlarni paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang, chunki daydi itlar odamlar uchun quturish kasalligining asosiy manbasi hisoblanadi.
- Itlaringizni o‘z vaqtida hududiy veterinariya xizmati idoralariga hisobga qo‘ydiring, quturishga qarshi emlating, veterinariya mutaxassisidan it saqlash qoidalari bo‘yicha tegishli maslahatlarni oling va shu qoidalarga doimiy ravishda amal qiling.
- Imkon qadar it va boshqa hayvonlar tishlashidan saqlaning, bolalarni ham hayvonlar tishlashidan ehtiyot qiling.
- Agar biror hayvon tishlasa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qiling. Mutaxassis shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, quturishga qarshi o‘z vaqtida va to‘liq emlama oling. Hayvon tishlashidan jabrlangan odamni quturish kasalligidan asrashni, ya’ni fojiani oldini olishning birdan-bir yo‘li quturishga qarshi emlatishdir.
Quturish kasalligi bilan kurashish nafaqat veterinariya, tibbiyot va boshqa tegishli tashkilotlarning ishi, balki keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaroning ham burchidir. Shunday bo‘lgan taqdirdagina biz ko‘zlagan maqsadimizga, ya’ni insonlarni bedavo kasallikdan muhofaza etishga erishishimiz mumkin.
O‘tkazilgan matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yo‘llangan savollarga mutaxassislar atroflicha javob berdilar.
FVV Matbuot xizmati