Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

Respublikamizda sel-toshqin va yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholini va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar

Joriy yilning 2021 yil 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi binosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Respublikamizda sel-toshqin va yer ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholini va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.


Anjumanda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan bir qatorda Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish Davlat xizmati, “O‘zgidromet” markazi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


Tadbirda so‘z olganlar aholini va hududlarni sel-toshqin bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlarga to‘xtalib, bu borada ish borayotgan respublika idoralararo shtab faoliyati xususida ma'lumotlar berib o‘tdilar. Shuningdek, soha mutaxassislari sel va suv toshqinlari xavfi saqlanib qolgan hududlar, bu kabi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida, xususan, 2020-2021 yillar davomida amalga oshirilgan va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan tadbirlar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.

Jumladan, bugungi kunda xavfli hududlardan ko‘chirilishi lozim bo‘lgan jami 154 ta xo‘jalikdan (799 nafar fuqaro), 87 ta xo‘jalik (441 nafar fuqaro) doimiy ravishda, 67 ta xo‘jalik (358 nafar fuqaro) xavfsiz hududlarga vaqtincha yashash uchun ko‘chirilgan. Shu bilan birga, aholining xavfsizligini ta'minlash maqsadida Ichki ishlar xodimlaridan iborat 105 ta, jamoatchilik vakillaridan iborat 27 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilgan.


Respublikaning tog‘li hududlaridagi qor zaxiralarini va baland tog‘lardagi ko‘llarning holatini baholash hamda qor ko‘chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida, 5 marotaba aerovizual kuzatuvlar amalga oshirilgan.


Respublikaning Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida suv toshqini va sel oqimlarini betalofat o‘tkazib yuborish maqsadida, mahalliy davlat organlari tasarrufida bo‘lgan daryo va soylarning qirg‘oqlarini mustahkamlash, o‘zanlarini tozalash bo‘yicha 3377,6 ming m3 tuproq, 194,7 ming m3 tosh ishi, 27,5 ming m3 beton ishlari va 609,7 tn. temir ishlari amalga oshirilgan. Ushbu ishlarga 75,7 mlrd. so‘mga yaqin byudjet mablag‘lari sarflangan.


Mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash bo‘yicha sel-toshqin va yer ko‘chishi xavfi mavjud hududlarda o‘tkazilgan 161 ta maxsus-taktik o‘quv mashqini tashkil qilish va o‘tkazishda 1919 ta texnika va 11 mingga yaqin shaxsiy tarkib qatnashgan. O‘quv mashqlari davomida 90,1 ming m3 tuproq ishlari, 45,1 ming m3 qum-shag‘al, 2290,6 m3 beton ishlari bajarilib, 71 kilometrdan ortiq masofadagi magistral kanallar, daryolar va soylar o‘zanlari tozalangan.


Anjuman davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech