Joriy yilning 26 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi binosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Yozgi mavsum bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar, yong‘in va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari, shuningek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘z olganlar yoz mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, ko‘ngilsiz hodisalar to‘g‘risida, xususan, respublika hududidagi suv havzalarida xavfsizlikni ta'minlash va baxtsiz hodisalarning oldini olish, insonlar hayotini saqlab qolish, suvda yuzaga keladigan noxush holatlarda to‘g‘ri harakat qilish, hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar to‘g‘risida, shuningdek, Yozgi bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida (stasionar hamda kunduzgi) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligiga tayyorgarlik jarayonlari, bundan tashqari, yuzaga kelayotgan yong‘inlar, ularning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 20 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi akvatoriyalarining plyaj zonalarida dam oluvchilarning xavfsizligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 164-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, 2021 yil cho‘milish mavsumida dam oluvchilar xavfsizligini ta'minlash yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirldi.
Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan hamkorlikda respublika hududidagi suv havzalarida 170 ga yaqin o‘rganish o‘tkazilgan. Cho‘milish havzalarida xavfsizlik qoidalari bo‘yicha 1000 dan ortiq ogohlantiruvchi shartli belgilar o‘rnatilib, 102 ta kuzatuv minorasi tashkil qilingan.
Cho‘milish mavsumida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarining amalga oshirilishi ham aholi, ayniqsa, yoshlarning bilimlarini oshirishga xizmat qilib, ogohlikka chaqirishda katta o‘rin tutadi. Ayni yo‘nalishda 2020-2021 yillarning shu kuniga qadar respublika bo‘yicha 419 ta seminar va 18615 ta suhbat tashkil qilinib, 496534 ta eslatma tarqatilgan.
Suvda cho‘kish bilan bog‘liq vaziyatlar monitoringi shuni ko‘rsatadiki, ko‘ngilsiz hodisalarga olib keluvchi sabablar asosan fuqarolarimizning ruxsat etilmagan suv havzalarida cho‘milishlari yoki ehtiyotsizlik oqibatida suvga tushib ketishlari bilan bog‘liq holatlarga to‘g‘ri kelmoqda.
2020 yilda jami 165 nafar cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarga chiqishlar qayd etilgan bo‘lib, bulardan 57 nafari cho‘milish qoidalariga amal qilmaslik oqibatida suvda cho‘kish, 40 nafari cho‘kishda gumon qilinganlar, 58 nafari ehtiyotsizlik oqibatida cho‘kish, 6 nafari o‘z joniga qasd qilish va 4 nafari jinoyat oqibatida cho‘kishlarga to‘g‘ri keladi. Ushbu cho‘kkan fuqarolarning 56 nafari (34%) voyaga yetmaganlarni tashkil qiladi.
Joriy yilning 25 may kuniga qadar hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari Suvda-qutqaruv guruhlari tomonidan jami 26 nafar fuqaroning cho‘kishi bilan bog‘liq baxtsiz xodisalarga chiqishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bulardan 3 nafari cho‘milib, 12 nafari cho‘kkanlikda gumon qilingan, 16 nafari ehtiyotsizlik oqibatida, 1 nafari o‘z joniga qasd qilish va 1 nafari jinoyat oqibatida cho‘kkanlarga to‘g‘ri keladi. Eng achinarlisi, ushbu cho‘kishlarning 14 nafari (38,5%) voyaga yetmaganlar hisoblanadi.
Yong‘inlarning oldini olish tadbirlari. Respublikamizda yong‘inlarning oldini olish borasida ko‘plab tadbirlar amalga oshirilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi davlat yong‘in nazorati organlari xodimlari tomonidan 2021 yilning o‘tgan 4 oyi davomida o‘tkazilgan profilaktik ishlar natijasida 6197 ta bino va inshootlarda yong‘in kelib chiqish xavfining oldi olingan.
Sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish vaqtida ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida 14 nafar inson qutqarilgan, 37 bosh uy hayvoni, 25 xil texnika, 154 mlrd. so‘mdan ziyod bino va inshootlar qurilmalari va 38 mlrd. so‘mdan ortiq moddiy boyliklar saqlanib qolingan. Lekin, olib borilayotgan ishlarga qaramasdan 2021 yilning o‘tgan 4 oyi davomida respublika hududida jami 3294 ta yong‘in qayd etilib, ushbu yong‘inlarda 46 nafar inson halok bo‘lgan va 94 nafar kishi tan jarohati olgan.
Jami sodir bo‘lgan yong‘inlarning 80,8 foizi aholi yashash joylarida, 4,8 foizi transport vositalarida yuzaga kelgan.
Yong‘inlarning 35,5 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 23,3 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 22,8 foizi isitish pechlarining nosozligi yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanish, 7,2 foizi bolalarning sho‘xligi va 3,7 foizi transport vositalaridan foydalanish va tuzilishi qoidalarining buzilishidan sodir bo‘lgan.
Yozgi bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar. FVV vakolati doirasida 2021 yil yoz mavsumida respublika hududida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishga tayyorgarlik ko‘rish hamda mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish vaqtida favqulodda vaziyatlarning oldini olish
va yong‘in xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishida hamkor tashkilotlar bilan tizimli tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish uchun rejalashtirilgan jami 1 545 ta, ya'ni 202 ta (86 tasi tadbirkorlik sub'ektlariga va 116 tasi davlat tasarrufida) stasionar va 1 343 ta ta'lim muassasasida “sog‘lomlashtirish maydonchalari”ning yong‘inga qarshi holati nazorat tartibida tekshirib chiqildi.