Mustaqilligimizning 25 yilligiga Fuqaro muhofazasi: SALOHIYAT, SAMARADORLIK, AMALIYOT

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan izchil islohotlar, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarning jadal rivoji,  ulkan bunyodkorlik ishlari samarasi o‘laroq shaharu qishloqlarimiz butkul yangilanib, obodlikka yuz tutdi. Xalqimiz turmush farovonligi yuksaldi. Binobarin, mustaqil O‘zbekistonimiz o‘zining taraqqiyot strategiyasida inson va uning manfaatlari ustivorligidan kelib chiqib, birinchi navbatda, fuqarolarimiz muhofazasini, ularning tinchlik, omonlikda munosib hayot kechirishdek oliy huquqini yuksak darajada ta’minlamoqda. Xususan, o‘tgan chorak asrda yurtimiz aholisini va hududlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza etishga yo‘naltirilgan tizim qayta isloh qilindi, bosqichma-bosqich takomillashtirildi.

Bugungi kunda barcha jabhada erishayotgan zalvorli yutuqlarimiz qatorida, fuqaro muhofazasi sohasidagi ilg‘or yondashuv xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani bejiz emas. Uning zamirida chuqur o‘ylangan islohotlar, tizim moddiy-texnika ta’minotini zamonaviy ilm-fan yutuqlariga hamohang ravishda rivojlantirishga, pirovardida aholi hayoti va salomatligini asrashga berilayotgan yuksak e’tibor hamda g‘amxo‘rlik mujassamdir.

Yer yuzida kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishlari, insoniyatning tabiatga salbiy ta’siri oqibatida ko‘payib borayotgan ekologik muammolar, ba’zi mintaqalardagi epidemiologik beqarorlik har bir davlat oldiga fuqarolar muhofazasiga doir muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi yigirma yil ichida dunyoda favqulodda vaziyatlar tufayli 600 ming nafardan ziyod kishi halok bo‘lgan. Tabiiy ofat, texnogen va ekologik xususiyatli talafotlardan jabr ko‘rgan hamda boshpanasiz qolgan insonlar esa 4 milliarddan ortiqni tashkil etadi.

Mamlakatimizda o‘tgan yillarda fuqarolarni ehtimoliy favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha ishonchli milliy tizimni yaratish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilgani yuksak natijalarini bermoqda. Shu o‘rinda istiqlolning ilk kunlaridanoq respublikamizdagi Fuqaro mudofaasi shtabi va uning joylardagi bo‘linmalari qayta ko‘rib chiqilib, fuqaro muhofazasi tizimiga aylantirilganini ta’kidlash joiz. Dastlab mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibida Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, davlatimiz rahbarining 1996 yil 4 martdagi Farmoniga binoan,  ushbu boshqarma negizida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil qilingani soha rivojida yangi sahifani ochdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganining o‘n besh yilligi munosabati bilan Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, yurtimizda hamda ilg‘or xorijiy mamlakatlarda to‘plangan ko‘p yillik tajribaga tayangan holda, fuqaro mudofaasi qurilishi bo‘yicha o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eskicha yondashuv va qoliplardan tubdan farq qiladigan, har tomonlama puxta o‘ylangan, zamonaviy kompleks dastur asosida mutlaqo yangi, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish hamda harakat qilish davlat tizimi va uning muvofiqlashtiruvchi organi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda milliy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan mazkur tizim qirqdan ortiq turli vazirlik hamda idoralarni qamrab olgan.

O‘tgan yigirma yil mobaynida vazirlik tomonidan aholi hayoti va salomatligini saqlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda  oqibatlarini bartaraf etish borasida davlat siyosatini yuritish, fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilish, vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida aniq,  keng ko‘lamli vazifalar izchil ro‘yobga chiqarildi va bu jarayon barqarorlik kasb etmoqda. Albatta, shu vaqt ichida fuqaro muhofazasi sohasidagi qonunchilikning takomillashtirilgani mazkur yo‘nalishdagi ishlarga zamin yaratayapti. Jumladan, “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”gi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi kabi qator qonunlar amaliyotga tatbiq qilinib,  favqulodda vaziyatlarning oldini olish bilan bog‘liq masalalarni, shuningdek, qutqaruv xizmatlari hamda qutqaruvchilar faoliyatini tartibga soladigan zarur me’yoriy-huquqiy baza shakllantirildi.

Bularga mos ravishda, tizimning moddiy-texnika ta’minoti butunlay yangilangani yana bir e’tiborli jihatdir. Yurtimiz va mintaqalarimiz darajasida tashkil etilgan harakatchan avariya-qutqaruv, suvda-qutqaruv, radiatsion-kimyoviy va biologik muhofaza guruhlari barcha turdagi xavfli tabiiy hodisalar hamda texnogen halokatlar, transchegaraviy ko‘rinishdagi favqulodda vaziyatlarga qarshi chora-tadbirlarni tezkor va samarali amalga oshirishi uchun eng ilg‘or qutqaruv uskunalari “Holmatro”, “Scubapro” qutqaruv uskunalari, maxsus transport hamda texnikalar bilan ta’minlandi. Qutqaruv avtomashinalari jahon standartlariga javob beruvchi transport vositalariga almashtirildi.

Quvonarlisi, bugungi kunda tizimda foydalanilayotgan maxsus tezkor avariya-qutqaruv transportlarining qariyb 60 foizi Samarqand, Andijon va Xorazmda ishlab chiqarilgan “Isuzu”, “MAN”, “Damas” avtomobillaridan tashkil topgan. Maxsus jihozlangan bunday mashinalar Favqulodda vaziyatlar vazirligi buyurtmasi asosida ilk marotaba 2011 yilda sinov tariqasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt mobaynida milliy avtomobilsozlik sanoati mahsulotlari barcha standartlarga javob berishi hamda har tomonlama qulayligini namoyon qildi. Darvoqe, mazkur qutqaruv avtomashinalarimizga dunyo miqyosida qiziqish ortib bormoqda. Ko‘plab halqaro tashkilotlar, Markaziy  Osiyo hamda Evropa davlatlarining O‘zbekiston qutqaruv-transport vositalarini xarid qilish uchun shartnomalar imzolayotgani hamda ulardan andoza olish taklifini bildirayotgani buning yaqqol isbotidir.

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida mamlakatimiz qutqaruv xizmati ham son, ham sifat jihatdan mustahkamlandi. Qutqaruvchilar safiga malakali sportchilar, dovyurak, shijoatli yoshlar jalb qilindi. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hisobiga Tez harakat qilish respublika ko‘p tarmoqli markazi, Chirchiq shahrida maxsus qidiruv-qutqaruv qismi, "Qamchiq" dovoni qidiruv-qutaruv otryadi tashkil qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi avariya-qutqaruv guruhlari kengaytirildi. Barcha bo‘linmadagi shart-sharoit yangilandi. Kinologiya, suvda qutqarish xizmatlari, respublika g‘avvoslar maktabi ochildi. Maxsus o‘quv minoralari va sport trenajyorlari yaratildi.

O‘tgan davrda avariya-qutqaruv otryadlari tomonidan aholiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘n mingdan ortiq chiqishlar amalga oshirilib, mingdan ziyod fuqarolar hayoti va sog‘ligiga xavf solgan tahdidlarning oldi olindi.

Aytish kerakki, fuqaro muhofazasi sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, shu bilan bir qatorda, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda aholini tez va to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga ham jiddiy yondashildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida 30 mingga yaqin, Qutqaruvchilarni tayyorlash hamda malakasini oshirish markazida qariyb ming nafar, hududiy Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlarida esa 661 ming nafardan ortiq tinglovchilar soha yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qitildi. Qolaversa, korxonalar, tashkilotlar, ta’lim muassasalarida, mahallalarda 500 mingga yaqin fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazilib, tabiiy hamda texnogen ofatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.

Vazirlikning hududiy boshqarmalari qoshidagi qayta tayyorlov markazlari  tomonidan ishlab chiqarishda xavfli  kimyoviy moddalar, yong‘in-portlash xavfi mavjud bo‘lgan iqtisodiy ob’yektlar atrofidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar tasnifi, ana shunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish mavzularida doimiy o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinayotir. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi xizmatlarning kuch hamda vositalari va qutqaruv tuzilmalarining professional mahoratini oshirish uchun tegishli tartibda qo‘mondonlik-shtab hamda maxsus-taktik o‘quv mashqlari tashkil etilmoqda. Oxirgi besh yilning o‘zida viloyatlarda 177 ta qo‘mondonlik-shtab, respublikamizdagi yirik iqtisodiyot ob’ektlarida 3 ming 200 dan ortiq maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

Chindan ham, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini yengillashtirish aholi keng qatlamining tayyorgarlik darajasi bilan uzviy bog‘liq. Shu ma’noda, yurtimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar bilan favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga o‘rgatuvchi o‘yin tarzidagi mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgani, umumta’lim maktablarida “Hayot xavfsizligi”, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida “Hayot xavfsizligi asoslari” kurslari o‘quv dasturlariga kiritilgani maqsadga muvofiqdir.

Bundan tashqari, o‘tgan yillar mobaynida vazirlikning hududiy boshqarmalari,  “O‘zgidromet” markazi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi hamda mahalliy hokimliklar xodimlari bilan hamkorlikda respublikamizdagi suv toshqinlari, sel oqimlari va ko‘chki xavfi mavjud hududlar o‘rganib chiqildi. Xavfli hududlardagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida, respublika bo‘yicha nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilib, ular zarur aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Shuning barobarida, yurtimiz hududidan oqib o‘tuvchi daryolarning zaif qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari ham izchil olib borildi. Bunga Toshkent viloyati Ohangaron tumani, Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Qoradaryo, Namangan viloyatidagi Sirdaryo hamda Norin daryolarining, Surxondaryo viloyatining Termiz porti qirg‘oqlarida mustahkam himoya dambalari barpo qilinganini misol sifatida keltirish mumkin.

2010-2015 yillarning o‘zida mahalliy davlat organlari balansida bo‘lgan daryo va soylarning qirg‘oqlarini mahkamlash maqsadida katta hajmli ishlar bajarildi. Aholi xonadonlari, ekin maydonlari hamda boshqa ijtimoiy ob’yektlarni muhofaza etish imkoniyatlari tiklandi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, fuqaro muhofazasi tizimining rivojlanishi natijasida ko‘plab talafotlarning oldi olinib, yuzlab insonlarni xavf-xatardan asrashga erishilmoqda. Buning dalili sifatida  2012 yil 18-19 fevral kunlari Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yuz bergan favqulodda vaziyatni yodga olaylik. O‘shanda ko‘p yog‘ingarchilik sababli qir-adirliklardagi qorlarning tez erishi oqibatida yuzaga kelgan sel oqimi Qorasaroy soyining toshishiga sabab bo‘lib, tumandagi Juma, Qorizquduq, Oqtosh va O‘rta qishloqlarining soy bo‘yida joylashgan aholi uy-joylari va ekin maydonlariga jiddiy zarar yetkazgan edi. Muhimi, o‘z vaqtida ko‘rilgan tezkor sa’y-harakatlar natijasida odamlar hayoti saqlab qolindi. Mahalliy aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirilib, ularning turmush faoliyati uchun zarur barcha shart-sharoit yaratib berildi.

Ma’lumki, mamlakat iqtisodiy yuksalishini yo‘llarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. “Toshkent – O‘sh” avtomobil yo‘nalishdagi “Qamchiq” dovoni esa Buyuk ipak yo‘lining asosiy “qon tomir”laridan biri sanaladi. Mazkur dovon respublikamizni xorij mamlakatlari bilan bog‘labgina qolmay, muhim siyosiy-iqtisodiy va strategik ahamiyatga ham egadir.

Bu dovon yo‘li yil davomida serqatnov bo‘lib, yoz kunlari avtomagistral yo‘nalishi bo‘ylab bir kecha-kunduzda o‘n besh mingtadan yigirma besh minggacha turli rusumdagi transport vositalari qatnovi kuzatiladi. Qish mavsumida ushbu hududda oppoq qorli tog‘lar cho‘qqisidan quyoshning zarrin nur sochib turganini ko‘rsangiz, zum o‘tmay, quyoshli lahzalar qahraton izg‘iringa, qor bo‘roniga aylanishi mumkin. Natijada yo‘llarning qor bilan qoplanishi, ulkan qoyalar ustidan qor ko‘chkilarining o‘pirilib tushishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga keladi. Shu nuqtai nazardan, vazirlik  tomonidan ehtimoliy favqulodda vaziyatlarda fuqarolarga zarur ko‘mak berish maqsadida dovonning eng baland qismi (“Toshkent – O‘sh” yo‘lining 173 kilommetri)da «Qamchiq» qidiruv-qutqaruv otryadi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tog‘liklar yonbag‘rida Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi vazirlik hamda idoralardan tuzilgan mexanizatsiyalashgan guruhlar kechayu kunduz ish olib bormoqdalar. Bu erda
2014 yili “Idoralararo birlashgan shtab” binosi foydalanishga topshirilib, dovon orqali avtomobillar va yo‘lovchilarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash chora-tadbirlariga e’tibor yanada kuchaytirildi.

So‘z fuqaro muhofazasi samaradorligini oshirish haqida borar ekan, bu borada eng zamonaviy uslublar hayotga tatbiq qilinayotganini e’tirof etmoq kerak. Xususan, vazirlikning Fuqaro muhofazasi institutida zilzilani simulyasiya qilish majmuasining ishga tushirilishi tizimning katta muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi.

Ahamiyatlisi shundaki, o‘quv sinflaridan tashqari, zilzila tarixi muzeyi, namoyishlar zali, tibbiyot hamda relaksatsiya xonalarini va eng asosiysi, sun’iy ravishda 9 ballgacha bo‘lgan zilzila tebranishlarini hosil etuvchi uskunani o‘z ichiga olgan bunday majmua Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, dunyoda sanoqli davlatlardagina mavjud, xolos.

Qutqaruv tizimining tarkibini sifat jihatidan yanada yaxshilash,  profilaktika ishlarini takomillashtirish jarayonida xalqaro hamkorlikning roli hamda ahamiyati beqiyos. Shunga ko‘ra, mamlakatimizda fuqaro muhofazasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor oshib borayotgani ayni muddao bo‘layotir. Jumladan, hozirgi kunga qadar ellikdan ziyod xodimlarimiz turli davlatlarda o‘tgan xalqaro seminarlar, o‘quv kurslari va anjumanlarda qatnashdilar. O‘zbekistonlik kinologlar Germaniyada puxta tayyorgarlikdan o‘tdilar.

Mamlakatimizda yosh avlodning ona-Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbati hamda sadoqatini mustahkamlash, ularni sog‘lom va barkamol qilib voyaga etkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham bu boradagi sa’y-harakatlarga keng o‘rin ajratilayotir. Misol uchun, yurtimizdagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus hamda kasb-hunar ta’limi muassasalarida “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari tashkil etilib, klublar o‘rtasida uch bosqichli musobaqalar yo‘lga qo‘yildi. Bunday tadbirlar yoshlarimizda ekstremal vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, nafaqat o‘zlarining, balki o‘zgalarning hayotini saqlab qolish uchun tezkor qaror chiqarish, mustaqil fikrlash, kerak bo‘lsa, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmasini rivojlantirish bilan birga, qutqaruv tuzilmalar zahirasini yaratish imkonini berayapti.

Bugun faxr bilan aytish mumkinki, O‘zbekistonda fuqaro muhofazasi sohasidagi ishlarning qamrovi ham, salmog‘i ham yil sayin yuksalmoqda. Ayniqsa, sohadagi kadrlar salohiyati oshib borayotgani diqqatga sazovor. Mardlik va matonat, o‘z ishining professional negizini chuqur bilish, tezkor harakatlanish hamda safarbarlik harbiy xizmatchilarimiz faoliyatining eng muhim mezoni va xususiyati  bo‘lib qolmoqda.

Yurtboshimiz ta’kidlab o‘tganidek, o‘zgalar dardiga befarq odam hech qachon qutqaruvchi bo‘la olmaydi. Chunki qutqaruvchilik – bu oddiy kasb emas, balki insonlar hayotini saqlab qolish uchun o‘zini qurbon qilishga, jasorat ko‘rsatishga hamisha tayyor turish demakdir. Shunisi aniqki, davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – aholi va hududlarni turli tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza etish samaradorligi mazkur soha xodimlaridan yanada mas’uliyat hamda fidoyilikni talab qiladi. Milliy taraqqiyotimizning muhim omili hisoblangan tinchlik va osoyishtalikni asrash nihoyatda dolzarb hamda asosiy vazifaga aylangan hozirgi murakkab zamonda buni chuqur his etib, fuqarolarimiz muhofazasi va ona-Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilishdek oliy burchimizni sharaf bilan ado etmog‘imiz shart.

Tursinxan XUDAYBERGENOV,

O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri.

Davlat ramzlari