O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri T.А. Xudaybergenovning KIRISH SO‘ZI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI Favqulodda vaziyatlar vaziri
GENERAL-MAYOR T.XUDAYBERGENOVning

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLARDA ULARNING OLDINI OLISH VA HARAKAT QILISH DAVLAT TIZIMINING AHOLI VA HUDUDLARNI TABIIY HAMDA TEXNOGEN XUSUSIYATLI FAVQULODDA VAZIYATLARDAN MUHOFAZA QILISH BO‘YICHA 2015 YILDAGI ASOSIY TADBIRLAR REJASINING BAJARILISHI VA 2016 YILDAGI USTUVOR VAZIFALARIGA BAG‘ISHLANGAN
HAY’AT MAJLISIDAGI

K I R I SH    S O‘ Z I

Assalomu alaykum hurmatli
yig‘ilish qatnashchilari!

Bugungi hay’at yig‘ilishimizda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlarining o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining shaxsiy tarkibi ishtirok etmoqda.

Ushbu yig‘ilishimizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati hamda Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari ahborot-tahlil departamenti vakillari taklif etilganlar.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Barchamizga ma’lumki, istiqlolga erishgan mamlakatimiz mustaqillik yillarida Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida izchil yangilanishlar yo‘lidan borib, jamiyatimizning har bir jabhasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan 24 yillik davr mobaynida yuritilgan oqilona ijtimoiy-iqtisodiy siyosat, samarali va tizimli ravishda, bosqichma-bosqich olib borilgan islohotlar bugungi kunga kelib amalda o‘zini to‘la oqlab kelmoqda.

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Asosiy vazifamiz – jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat” shiori ostida ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning hal qiluvchi omili haqida gapirganda, avvalo odamlarimizning ongu tafakkurida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, ularning yon-atrofdagi voqealarga munosabati, daxldorlik hissi, siyosiy faolligi va fuqarolik pozitsiyasi tobora o‘sib bormoqda.

Respublikamizda olib borilayotgan islohotlarning yurtimiz ravnaqi,  va bebaho boyligimiz - xalqimiz taraqqiyoti va manfaatlarini ko‘zlagan, milliy an’anamizga aylangan yana bir omil – har bir yilga alohida nom berish ya’ni islohotlarni chuqurlashtirishdek ezgu sa’y-harakatlarning ham guvohi, ham uning faol ishtirokchisi bo‘lib kelmoqdamiz.

YUrtboshimiz 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilganligi, yuksak minbardan turib, “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi” degan hayotbaxsh g‘oya har bir yurtdoshimizning qalbiga chuqur kirib borishi, ana shu ulug‘ ishga munosib hissa qo‘shish barchamizning muqaddas vazifamizga aylanishi lozim deya chuqur hayajon bilan ta’kidlaganliklari ayni haqiqatdir.

Jamiyat mustahkamligi, undagi ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy mezonlarga bog‘liqdir. Ammo unda, birinchi o‘rinda tinchlik, osoyishtalik va xotirjamlik bo‘lmas ekan, hech qanday mustahkamlik, rivojlanish bo‘lmaydi. SHuning uchun ham, yurtimizda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining doimiy hamda ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolaveradi.

Bu borada muhtaram YUrtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 24 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida ham ta’kidlaganlaridek: “YUzaga kelayotgan murakkab va oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat barchamizdan yuqori darajadagi ogohlikni saqlash va doimiy tayyorgarlik holatida bo‘lishni, milliy armiyamizni yanada isloh etishga qaratilgan e’tiborni kuchaytirishni, uni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi samarasini oshirishni, bir so‘z bilan aytganda, Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va jangovar qobiliyatini har tomonlama mustahkamlashni talab etadi”.

Darhaqiqat, bizning Favqulodda vaziyatlar davlat tizimimiz ham mamlakatimiz mudofaasi tizimi tarkibidagi Qurolli Kuchlarimizning ajralmas qismi o‘laroq, respublika Fuqaro muhofazasi tayyorgarligini ta’minlovchisi bo‘lib, Muhtaram YUrtboshimiz tabrigida, aniq va ravshan qilib ko‘rsatilgan istiqboldagi yo‘nalishlar biz, Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi 40 dan ziyod vazirlik va idoralarga ham ulkan masu’liyat yuklaydi.

Favulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi o‘tgan 2015 yil davomida o‘z diqqat-e’tiborini yurtimiz aholisi va hududlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etish, aholini favqulodda vaziyatlarda harakatlanishga o‘rgatish, ularning bilim-malakalarini oshirish, favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish, monitoring va bashoratlash, iqtisodiyot ob’ektlarining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratdi.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Bugungi Hay’at yig‘ilishimzni o‘tkazishdan asosiy maqsad – ushbu tizimning 2015 yilda respublika aholisi va hududlarini tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan xavfsizligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirgan ishlarini xamjihatlikda baholash, 2016 yil - “Sog‘lom ona va bola” yilida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida barchamizning zimmamizda bo‘lgan ustuvor vazifalarimizni belgilash, yurtimiz aholisini va hududlarini turli hil favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni muhokama qilish hamda zarur chora-tadbirlarni belgilashdir. 

SHundan kelib chiqib, 2015 yil davomida Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar bilan uzviy hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 19 fevraldagi 585-sonli “Toshqin, sel, qor ko‘chishlari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish chora - tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, 2015 yil mobaynida Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida daryo va soylar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oq mustahkamlash ishlari - umumiy 38 ta yirik uchastkalarda olib borilishi tashkil etilib, ijobiy natijalarga erishildi.

Amudaryoning Termiz porti hududidan oqib o‘tuvchi qismining qirg‘og‘ini va qirg‘oq bo‘yidagi muhofaza inshootlarini tiklash va mustahkamlash  ishlari amalga oshirildi.

A-373 “Toshkent - O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovoni qismida aholining va transport vositalarining xavfsiz va barqaror harakatini ta’minlash yuzasidan bahor-yoz va kuz-qish mavsumida uzluksiz ravishda profilaktik tadbirlar bajarildi.

Samarqand viloyatining Urgut va Bulung‘ur tumanlari hududidan oqib o‘tgan “Zarafshon” daryosining Ravotxo‘ja to‘g‘onini tiklash va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida fuqarolarning tabiiy va is gazidan hamda oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishini, shuningdek quturish kasalligini oldini olish chora-tadbirlari amalga oshirildi.

Fuqaro muhofazasi boshqaruv organlari, kuch va vositalarining tayyorgarligini oshirish maqsadida, respublika viloyatlarida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari va iqtisodiyot ob’ektlarida maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, asosiy e’tibor o‘quv mashqlarining o‘tkazilish sifati va rahbar xodimlarning ko‘nikmalarini takomillashtirishga qaratildi.

Mamlakatimizda yoshlarni ona vatanga sadoqat, mardlik va  muhabbat ruhida tarbiyalash, yoshlarni ongida harbiy vatanparvarlik hislarini rivojlantirish va kelajakda haqiqiy vatan himoyachisi bo‘lib etishishiga va yoshlarni sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish, ularni o‘zini o‘zi himoya qilish va boshqalarga ko‘mak berish, shuningdek, yoshlarni bu boradagi tayyorgarligini oshirish maqsadida umumiy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida tuzilgan “YOsh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari o‘rtasida tuman, shahar, viloyatlar va respublika miqyosida sport musobaqalari o‘tkazildi.

Respublika aholisi va hududlarining sanitar-epidemiologik barqarorligini ta’minlash hamda o‘ta xavfli va karantin yuqumli kasalliklarining chegaralararo tarqalishini oldini olish bilan bog‘liq tizimni joriy etish va uning samarali faoliyatini ta’minlash maqsadida 2015 yil 31 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Xalqaro tibbiy-sanitar qoidalarni tadbiq etish chora-tadbirlari haqida”gi 220-sonli qarori qabul qilindi.

Respublikada veterinar-sanitar barqarorlikni ta’minlash hamda epizootik kasalliklarni tarqalishini oldini olish bilan bog‘liq veterinariya nazorati tizimini takomillashtirish va faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida 2015 yil 29 dekabr kuni “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolanib, mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Veterinariya to‘g‘risida”gi Qonunini amalga kiritdi.

Joylarda avtosanitar kolonnalarni qayta tashkil etish va jihozlash vazifasini amalga oshirish yuzasidan mahalliy hokimliklarga va mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq topshiriqlar mujassamlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 avgust kunidagi 2384-sonli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 9 iyuldagi “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” gi 184-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, hududiy attestatsiya komissiyalari tomonidan joylardagi iqtisodiyot ob’ektlarining to‘qqiz mingga yaqin shtatdan tashqari qutqaruvchilari attestatsiyadan o‘tkazildi.

Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida viloyat aholisini va rahbar xodimlarini soha yo‘nalishida qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida zamonaviy andozalar asosida jixozlangan yangi “Aholini va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi”ning yangi binosi kapital ta’mirlanib ishga tushirildi.  

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bir qatorda, o‘tgan 2015 yil davomida strategik iqtisodiy vazifalarni bajarishda ham samarali tadbirlarni amalga oshirib, yurtimiz milliy manfaatlarini ta’minlashga hissa qo‘shdi.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Amalga oshirilgan barcha ijobiy ishlar va sa’y harakatlar bilan bir qatorda, o‘tgan yil davomida salbiy holatlar ham kuzatildi, jumladan: 

2015 yil davomida, 2014 yilgan nisbatan favqulodda vaziyatlarning ortib borishi, asosan, aholini is gazidan zaharlanishi, havo-gaz aralashmasining chaqnashi, o‘ta xavfli yuqumli va karantin kasalliklar aniqlanishi, yo‘l-transport hodisalari sonining ortishi hamda magistral gaz quvurlaridagi avariyalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar yuzaga keldi.

Jumladan, Tahlillar natijasiga ko‘ra, 2015 yilda respublika hududida 162 ta favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan bo‘lib, unda jami 284 nafar kishi jabrlangan va 315 nafar kishi xalok bo‘lgan. 2015 yil davomida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatida 4 milliard 500 million so‘mga yaqin moddiy zarar etkazilgan.

Favqulodda vaziyatlarning asosiy sabablari asosan, aholini is gazidan zaharlanishi, havo-gaz aralashmasining chaqnashi, aholi orasida o‘ta xavfli yuqumli va karantin kasalliklarning kelib chiqishi, yo‘l-transport hodisalari sonining ortishi, hamda magistral gaz quvurlaridagi avariyalardir.   

Yuqoridagilar bilan bir qatorda respublika hududida ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi jarayonida favqulodda vaziyatlarning kuzatilishi eng achinarli holat, ya’ni 2015 yil 8 avgust kuni Xorazm viloyati Urgench shahrida “YOshlar ko‘lida” tashkil etilgan konsert dasturi davomida 13 nafar yosh bolalarning vafot etishi, o‘z navbatida mutasaddi idoralar tomonidan ommaviy tadbirlarni tashkil etish, o‘tkazish va aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalariga loqaydlik bilan yondoshayotganliklarini ko‘rsatib berdi.

Bundan tashqari 2015 yilning 13 dekabr kuni tabiiy iz gazidan zaxarlanish oqibatida jami 12 nafar fuqaro, shundan Qashqadaryo viloyatida 6 nafar, Farg‘ona viloyatida 4 nafar va Samarqand viloyatida 2 nafar fuqaro vafot etdi. SHuningdek, tabiiy iz gazidan chaqnash oqibatida jami 9 nafar fuqaro, shundan Qashqadaryo viloyatida 5 nafar va Surxondaryo viloyatida 4 nafar fuqaro tanjaroxati olgan. Umuman olganda so‘nggi vaqtlarda aholi orasida is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnash bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar soni ortib borishi kuzatilmoqda. Jumladan, noyabr-dekabr oylarida respublikada 14 ta favqulodda vaziyat qayd etilib, ularning oqibatida 21 kishi jabrlangan va 25 kishi xayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

Surxondaryo viloyatining Uzun tumani Xonjiza qishlog‘ida ko‘chki xodisasi sodir bo‘lib, uning xavfini kamaytirish bo‘yicha kompleks profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Respublikaning tuman va shaharlarida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ko‘pgina hollarda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatish hamda takrorlanishini oldini olish bo‘yicha tuman va shahar hokimliklarining qarori yoki bayonnomalari qabul qilinmay kelinmoqda.

2015 yil 4 avgust kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2384-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Bosh Vazir-Fuqaro muhofazasi boshlig‘i tomonidan 2015 yil 9 avgust kuni imzolangan maxsus chora-tadbirlar nazorat-rejasida ko‘rsatilgan talablar ya’ni joylarda avtosanitar kolonnalarni qayta tashkil etish va jihozlash vazifasini amalga oshirish ishlari Toshkent, Sirdaryo va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari tomonidan topshiriqlarning  ijrosi kechiktirib kelinmoqda.

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ammofos-Maksam” va “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlarida lokal xabar berish tizimini yaratish ishlariga loyiha xujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lsada, bugungi kunda tizimni yaratish ishlari amalga oshirilmayapti.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli, Kattaqo‘rg‘on, Talimarjon, Tuyamuyun, Kosonsoy, Zomin, Qo‘rg‘ontepa, Quyumozor, Jizzax, Uchqizil, Qorovultepa va To‘polon suv omborlarida lokal xabar berish tizimlarini yaratilishi bo‘yicha ishlar olib borilmayapti.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etilishi bo‘yicha bajarilgan tadbirlar to‘g‘risida, kun tartibiga ko‘ra keyingi ma’ruzachilar to‘xtalib o‘tdilar.

Bugungi yig‘ilishimizda biz, faoliyatimizga nisbatan chuqur tahlil va tanqidiy yondashishimizni taklif qilgan holda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish vazifasi 2015 yilda qay darajada bajarildi, soha yo‘nalishida davlat va hukumat ko‘rsatmalari talablari nechog‘lik ijro etildi, erishilgan yutuqlar bilan birga, echimini topmagan masala va muammolar nimalardan iborat? - degan savollarga javob topish va shularga asosan 2016 yildagi rejalarimiz hamda ustuvor vazifalarimizni aniq belgilab olishni maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

2015 yil davomida Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tarkibidagi vazirlik va idoralar tomonidan olib borilgan hamkorlikdagi o‘rganishlar, monitoring, bashorat qilish va tahlillarga ko‘ra, 2016 yil davomida respublikamiz hududida quyidagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lish ehtimoli saqlanib qolmoqda, bular:

Aholini tabiiy gazdan maishiy maqsadlarda foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, ya’ni is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasi chaqnashi va yong‘inlar sodir bo‘lishi;

Respublika hududida odamlar va hayvonlar orasida karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarining kelib chiqishi;

Respublikaning avtomobil yo‘llarida hamda dovonlar (ayniqsa Qamchiq dovoni) orqali o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida yirik yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishi;

Ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi;

Bugungi kunda, respublika bo‘yicha sel-toshqinga xavfli uchastkalarda jami 401 ta xo‘jalik va 65 ta texnik ob’ekt hamda er ko‘chkisi xavfli uchastkalarida 135 ta xo‘jalik va 390 ta ob’ektlarda xavfning saqlanib turishi;  

Joylarda kuchli shamol va kuchli yog‘ingarchilik bilan bog‘liq tabiiy ofatlarning yuzaga kelishi;

Ba’zi hollarda viloyatlar, shaharlar va tumanlar markazlarining ichki drenaj tizimlarida kuchli yomg‘ir va oqava suvlarini o‘tkazib yuborish kuchiga ega emasligi sababli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi;  

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya intituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-2018 yillarda respublikaning g‘arbiy, markaziy va sharqiy hududlarida zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli saqlanib qolishi prognoz qilingan. 

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining o‘tgan 2015 yildagi faoliyati mazmunidan kelib chiqib, yuqorida qayd etilgan holatlar va prognozlardan xulosa chiqargan holda, respublikamizda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida 2016 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan quyidagi ustuvor vazifalar oldimizda turibdi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 19 fevraldagi “Toshqin, sel, qor ko‘chkilari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-585-sonli qarori hamda Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi yig‘ilish bayonnomalari talablarini bajarish.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2016 yil 5 yanvardagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2015 yilda bajarilgan tadbirlar yakuni va 2016 yildagi vazifalar to‘g‘risida”gi 1-sonli buyrug‘i talablarini bajarish.

Xalqaro ahamiyatdagi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovoni qismida transport vositalarining uzluksiz va xavf-xatarsiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan Hukumat topshiriqlarini bajarish.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2014 yilning 30 sentyabrdagi №05/14-2033-sonli “Aholini tabiiy va is gazlardan zaharlanishning oldini olish hamda ogohlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi” ijrosini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan “Zooantoroponoz o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha 2014-2018 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar Rejasi”da belgilangan vazifalarni sifatli va to‘liq bajarish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 202 - sonli qarori bilan yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash.

Potensial xavfli ob’ektlar hamda intensiv sanoat va qishloq xo‘jaligi faoliyati joylashgan rayonlarda ekologik vaziyat, sanoat chiqindilarini to‘plagichlar, chiqindi omborlari, zaharli moddalar ko‘miladigan joylar va boshqalarning joylashishi va ulardan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish.

Respublika hududida o‘ta xavfli yuqumli va karantin kasalliklarini oldini olish bo‘yicha tadbirlarni kuchaytirish.

Salomatlik va tibbiy statistika instituti, uning filiallari tomonidan o‘ta xavfli va karantin yuqumli kasalliklar bo‘yicha aholi orasida targ‘ibot-tashviqot va sanitariya-oqartuv ishlarini kuchaytirish hamda xisobotini yuritish. 

Mintaqamizda seysmik faollik kuzatilishini inobatga olib, aholini zilzila vaqtida to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatish, fuqaro muhofazasi kuch va vositalarining zilzila oqibatida kelib chiqadigan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha shayligini oshirish hamda binolar qurilishida zilzilabardoshlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlash.

Ommaviy tadbirlar davomida aholini xavfsizligini ta’minlash maqsadida, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda va attraksionlarda favqulodda vaziyatlarni oldini olish, kuch va vositalar shayligini oshirish ishlarini kuchaytirish.

2016 yilning mamlakatimizda “Sog‘lom ona va bola yili” – deb e’lon qilinganligini inobatga olib, bolalar shifoxonalari, bolalar dam olish oromgohlari, mehribonlik uylari, maktabgacha tarbiya muassasalarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, bolalarni turli xildagi nostandart holatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash va shu bilan bir qatorda “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublarini tashkil etilishini keng targ‘ibot-tashviqot qilish.

Respublika va mahalliy darajalarda hamda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi faoliyat ko‘rsatishining barcha rejimlarida telekommunikatsiyalar va markazlashtirilgan xabar berish tizimlarining ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash.

Barcha viloyat markazlarida aholidan favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida axborotlarni qabul qiluvchi va qutqaruv ishlarini bajarish uchun tegishli xizmatlarni uzviy bog‘lovchi “Yagona navbatchi-dispetcherlik xizmati”ni yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli me’yoriy-huquqiy  hujjatlarni ishlab chiqish, ularni xayotga tadbiq etish mexanizmlarini yaratish ishlarini davom ettirish.

Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralarning fuqaro muhofazasi va qutqaruv tuzilmalarining moddiy-texnik ta’minotini va ularning tayyorgarligi darajasini oshirish.

Yetakchi xorijiy davlatlar, Birlashgan millatlar tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Tabiiy ofatlarni xavfini kamaytirish Osiyo markazi, Fuqaro mudofaasi xalqaro tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning fuqaro muhofazasi sohasidagi tajribalarini chuqur o‘rganib, tahlil qilib tizimga tadbiq etish ishlarini davom ettirish.

Davlat ramzlari