O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRINING
BIRINCHI O‘RINBOSARI – SHTAB BOSHLIG‘INING
POLKOVNIK K.ARIPOVNING
“O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING MAMLAKATNI IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA 2016 YILNING I CHORAKDA AMALGA OSHIRILISHI LOZIM BO‘LGAN ENG MUHIM USTUVOR VAZIFALARNING BAJARILISHI VA II CHORAKDAGI USTUVOR VAZIFALARIGA BAG‘ISHLANGAN YIG‘ILISHDA”GI
M A‘ R U Z A S I
Assalomu alaykum hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2016 yil I chorak mobaynida o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorlari va Farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari, Farmoyishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ko‘rsatmalari asosida amalga oshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2016 yil 5 yanvardagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2015 yilda bajarilgan tadbirlar yakuni va 2016 yildagi vazifalar to‘g‘risida”gi 1-sonli buyrug‘ida 2016 yil I chorak uchun belgilangan barcha tadbirlar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishiga erishildi.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 19 fevraldagi “Toshqin, sel, qor ko‘chishlari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish chora - tadbirlari to‘g‘risida”gi 585-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 21 yanvardagi 13-sonli, 2014 yil 29 maydagi 135-sonli qarorlari, Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi majlisining 2016 yil 25 fevraldagi 1-sonli bayoni hamda Favqulodda vaziyatlar vazirining 2016 yil 1 martdagi 83 - sonli buyrug‘i talablarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshirildi:
vazirlikning hududiy boshqarmalari, “O‘zgidromet” markazi, Geologiya va mineral resurslari Davlat qo‘mitasi hamda mahalliy hokimiyatlar xodimlari bilan hamkorlikda suv toshqinlari, sel oqimlari va ko‘chki xavfi mavjud hududlar o‘rganib chiqilib, xavfli hududlarda joylashgan xo‘jaliklar, iqtisodiyot ob’ektlari va boshqa muassasalar haqida ma’lumotlar olinib, hududiy boshqarmalarga tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun yuborildi;
viloyat va tumanlar miqyosida tuzilgan tezkor shtablar faoliyati kuchaytirilib, ular kerakli avtotransport, statsionar va mobil aloqa vositalari hamda etarli miqdorda yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan ta’minlandi. Tegishli tashkilotlar rahbarlaridan iborat kechayu-kunduz navbatchilik tashkil etildi. Joylarda tashkil etilgan mexanizatsiyalashgan otryadlar tarkibiga aniqliklar kiritilib, shay holatga keltirildi hamda ular uchun yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining zahiralari yaratildi;
“O‘zgidromet” markazi hamda Geologiya va mineral resurslari Davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan xavfli hududlarda joylashgan xo‘jaliklarga ogohnoma va ko‘rsatmalar berilishi tashkil etilib, respublika bo‘yicha ko‘chirilishi lozim bo‘lgan 130 ta xo‘jaliklardan (786 nafar aholi) real xavf mavjud bo‘lgan 3 ta xo‘jalik (19 nafar aholi) doimiy xavfsiz hududlarga ko‘chirildi;
xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan aholi turar joylarida sanitariya-gigiena va epidemiologik barqarorlikni hamda xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borildi;
tibbiy yordam muassasalarida qo‘shimcha joylar tayyorlanib, zarur miqdordagi asbob-anjom, sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi vositalari bilan ta’minlandi va dori-darmon zahiralari yaratildi;
xavfli hududlardagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida, respublika bo‘yicha jami 73 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilib, zaruriy aloqa vositalari bilan ta’minlandi;
respublikaning (Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlari) tog‘li hududlaridagi qor zahiralarini va baland tog‘li ko‘llarning holatini baholash hamda qor ko‘chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida, «SAR» (MI-8MTV) Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi bilan hamkorlikda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “O‘zgidromet” markazi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan 3 marotaba aerovizual kuzatuv ishlari amalga oshirildi;
Joriy yilda daryo, soylar o‘zanlari va qig‘oqlarida hamda gidrotexnika inshootlarida muxandislik-texnik va boshqa ximoya tadbirlarini amalga oshirish uchun Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi majlisining bayoni bilan 175 ta ob’ektga 50,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli 138 ta ob’ektlarga 27,5 mlrd. so‘m, 9 ta viloyatlar hokimliklari balansidagi 37 ta ob’ektlarga 22,9 mlrd. so‘m).
SHuningdek, “O‘zavtoyo‘l” AK, O‘ztransgaz” AK va “O‘zbekenergo” AJning tasarrufidagi ob’ektlarni sel, suv toshqinidan himoya qilish uchun o‘z mablag‘lari hisobidan jami 17,5 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilangan (“O‘zavtoyo‘l” AK - 20 ta ob’ekt, 17,4 mlrd so‘m, “O‘ztransgaz” AK - 2 ta ob’ekt, 6,9 mln so‘m va “O‘zbekenergo” AJ - 1 ta ob’ekt, 162,5 mln so‘m).
Bugungi kunda mazkur ob’ektlarda muxandislik-texnik tadbirlarini olib borish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va pudratchi tashkilotlarni aniqlash uchun tender savdolarini o‘tkazish ishlari boshlab yuborilgan.
respublika hududidagi 21 ta suv omborlari, selxona va sel yo‘llarining sel oqimlarini qabul qilish va suv toshqinini talofatsiz o‘tkazib yuborishga tayyorgarlik holati tekshirib chiqildi;
hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tomonidan respublika hududida joylashgan 52 ta o‘ta muhim, toifalangan va yong‘in-portlash xavfi mavjud ob’ektlarning fuqaro muhofazasi holati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.
Respublikamiz hududi orqali kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalarni hamda harbiy yuklarni olib o‘tilishi (tranzit qilinishi) bo‘yicha tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari olib borilib, xavfsizligi ta’minlandi.
Xalqaro ahamiyatdagi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovoni qismida transport vositalarining uzluksiz va xavf-xatarsiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan Hukumat topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, doimiy ravishda tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat ishchi guruh bilan hamkorlikda “Qamchiq” dovonida harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhofaza tadbirlari, shuningdek korxona hamda tashkilotlarning kuch va vositalarining tayyorgarlik holati tekshirilib, amaliy yordam ko‘rsatildi;
shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislaridan iborat shtab tashkil etildi;
A-373 “Toshkent-O‘sh” avtoyo‘lining “Qamchiq” dovoni qismida avtotransport va aholining uzluksiz harakatini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda “O‘zavtoyo‘l” DAK xodimlari va texnikalaridan iborat nazorat kuzatuv postlari hamda 15 ta mexanizatsiyalashgan guruhlar tashkil etilib, tunu-kun navbatchilik olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davrida xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori talablarini bajarish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy e’tibori, joylarda tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni, shuningdek yong‘in-portlash va terrorchilik-quporuvchilik harakatlarini oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash, shu bilan bir qatorda joylardagi o‘ta muhim va toifalangan yirik yong‘in chiqish, portlash xavfi mavjud bo‘lgan ob’ektlar xavfsizligini, ular doimiy ravishda barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash, quriqlash va muhofazasini kuchaytirishga qaratildi.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Respublika hududida faoliyat yuritayotgan mobil aloqa kompaniya operatorlari (“Coscom” MCHJ, “RWC” MCHJ, “Unitel” MCHJ, “UMS” MCHJ), O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyati hududida joylashgan kimyoviy xavfli ob’ektlarning fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga tayyorgarlik holati;
Toshkent shahar va Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining xizmat faoliyatini kompleks tekshiruvdan o‘tkazildi va amaliy yordam ko‘rsatildi.
FVDT hududiy va funksional quyi tizimlari boshqaruv organlari, fuqaro muhofazasi kuch vositalarining tayyorgarligini oshirish maqsadida, respublika viloyatlarida jami 9 ta qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari va iqtisodiyot ob’ektlarida jami 197 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, asosiy e’tibor o‘quv mashqlarining o‘tkazilish sifati va rahbar xodimlarning ko‘nikmalarini takomillashtirishga qaratildi. O‘quv mashqlarida jami 2 ming 124 nafar kishi o‘qitilib, 1 ming 46 ta maxsus texnikalar jalb etildi.
Vazirlik hududiy boshqarmalarining Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi xodimlari tomonidan joylarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni oldini olish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish borasida korxonalar, tashkilotlar, o‘quv ta’lim muassasalarda, shuningdek mahallalarda ish bilan band bo‘lmagan aholi o‘rtasida jami 1952 marotaba suhbatlar o‘tkazilib, mazkur suhbatlarda jami 87 ming 935 nafar fuqarolar ishtirok etdi.
Fuqaro muhofazasi institutida o‘tgan 2016 yil I chorak mobaynida 393 nafar, hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlari tomonidan 8 ming 597 nafar turli toifadagi rahbarlar qayta tayyorgarlikdan o‘tkazildi.
2016 yil I chorak mobaynida hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining Avariya-qutqaruv otryadlari tomonidan aholiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha jami 953 ta chiqishlar amalga oshirilib, fuqarolarga yaqindan yordam ko‘rsatildi.
Vazirlik Fuqaro muhofazasi instituti qoshidagi Qutqaruvchilarni tayyorlash va malakasini oshirish markazida harbiy xizmatchilarni hamda qutqaruvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yil I yarim yil mobaynida jami 17 nafar harbiy xizmatchi va 34 nafar qutqaruvchilar sohaviy yo‘nalish bo‘yicha qayta tayyorlash kursida o‘qitildi.
Respublikadagi uyali telefon operatorlari orqali aholini ob-havoning keskin o‘zgarishi va favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi ehtimoli to‘g‘risidagi ma’lumotlardan xabardor etish maqsadida 49 ta SMS yuborildi.
2016 yil I chorak mobaynida vazirlikka fuqarolardan 64 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan bo‘lib, barchasiga qonunda belgilangan muddatlarda chora-tadbirlar amalga oshirilib, ariza mualliflariga javob xatlari yuborildi.
Aholini yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda xavfsizlikni ta’minlash borasidagi profilaktik chora-tadbirlarni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot etish maqsadida, respublikada nashr etilayotgan gazeta va jurnallarda 247 ta maqolalar chop etilib, radioda 317 ta va televidenie orqali 571 ta chiqishlar amalga oshirildi.
Respublikamizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat teleradiokanallar, gazeta va jurnallar vakillarini jalb qilgan holda, vazirlik faoliyatiga tegishli bo‘lgan dolzarb masalalar yuzasidan 1 marta matbuot konferensiyasi o‘tkazildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari 19 ta xalqaro anjumanlarda ishtirok etishdi, (shundan 3 tasi chet elda) Xalqaro anjumanlarda ishtirok etgan vazirlik xodimlari, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi chet el mamlakatlari tajribalarini tizimimiz faoliyatiga tadbiq etishni ta’minladilar.
Olib borilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, 2016 yil I chorak mobaynida respublika hududida 26 ta favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan bo‘lib (2015 yil
I chorak mobaynida 37 ta), o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,7%ga kamaygan. Ulardan 12 tasi texnogen, 14 tasi tabiiy xususiyatdagidir.
Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarida jami 37 nafar kishi jabrlangan (2015 yil I chorak mobaynida 57 nafar kishi), o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35,1%ga kamaygan, xalok bo‘lganlar 48 nafar kishi (2015 yil I chorak mobaynida 63 nafar kishi), o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,8%ga kamaygan.
Favqulodda vaziyatlarning sodir bo‘lishiga asosan iqtisodiyot ob’ektlaridagi texnologik asbob-uskunalarning eskirganligi, yo‘l transport vositalarini boshqarishda, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik hamda aholining sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilmasliklari sabab bo‘lmoqda.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda 2015 yil I yarim yil mobaynida o‘z echimini topmagan masalalar ham mavjud, jumladan,
Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining tegishli xizmatlari bilan chegara hududlarida mavjud bo‘lgan, ya’ni sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan transchegara favqulodda vaziyatlar (yorilishi mumkin bo‘lgan damba, suv toshqini mavjud bo‘lgan daryo va soylar hamda kimyoviy va radioaktiv xavfi mavjud bo‘lgan chiqindi saqlanadigan joylar)ni o‘rganib chiqish masalalari kelishilmagan holda qolmoqda.
Respublika hududidagi mavjud gidrotexnik va himoya inshootlarni (kanallar, selxona, sel yo‘llari, damba, travers, shpora va banketlar) tozalash, tiklash va ta’mirlash hamda daryo va soylarning o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari etarlicha olib borilmayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2004 yil 21 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi xabar berish tizimi ish faoliyatini tashkillashtirish va texnik xizmat ko‘rsatish haqida”gi 3-sonli buyrug‘ining 19-bandi asosida xabar berish tizimini qurish loyihasiga asosan viloyatlar hududida o‘rnatilgan elektrosirenalarning saqlanishiga ob’ekt rahbarlari javobgar etib belgilanishiga qaramasdan, ayrim rahbar xodimlar tomonidan mazkur buyruq talablarini bajarishga etarlicha e’tibor berilmayapti.
2016 YIL II YARIM YILDAGI USTUVOR VAZIFALAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 19 fevraldagi “Toshqin, sel, qor ko‘chishlari va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish chora - tadbirlari to‘g‘risida”gi 585-sonli Qarori hamda Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi yig‘ilish bayonnomalari talablarini bajarish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 19 iyuldagi 208-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Aholini zilzilalar oqibatida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarda (tabiiy va texnogen tusdagi) harakat qilishga tayyorlash kompleks Dasturi” talablarini bajarish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 24 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 242-sonli qarori talablarini bajarish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 9 iyuldagi “Qutqaruv xizmati, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish, qutqaruv xizmati va qutqaruv tuzilmalarini hisobga olish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi Nizomi” hamda “Qutqaruvchining ish vaqti (xizmatni o‘tash) rejimini belgilash va ularning mehnatiga haq to‘lash qoidalari to‘g‘risida”gi 184-sonli qarori talablarini bajarish;
Xalqaro ahamiyatdagi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovoni qismida transport vositalarining uzluksiz va xavf-xatarsiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan Hukumat topshiriqlarini bajarish;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri-Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2016 yil 5 yanvardagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2015 yilda bajarilgan tadbirlar yakuni va 2016 yildagi vazifalar to‘g‘risida”gi 1-sonli buyrug‘i talablarini bajarish;
Chet el mamlakatlari, jumladan Yaponiya va Rossiya davlatlarining fuqaro muhofazasi sohasidagi tajribalarini chuqur o‘rganib, tahlil qilib vazirlik tizimiga tadbiq etish;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, yangi qabul qilingan Qonunlarni hayotga tadbiq etish mexanizmlarini yaratish.
Savollar bo‘lmasa,
E’tiboringiz uchun raxmat.