Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasi sohasida 2018 yil 1-choragida bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisoboti

2018 yilning 1-choragi davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy faoliyati favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirish, aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, FVDT boshqaruv organlari, kuch va vositalari tayyorgarligini oshirish hamda aholini favqulodda vaziyatlarda xarakat qilishga o‘rgatish masalalariga qaratildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimi (FVDT) hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining (FVV) faoliyatini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 iyundagi  “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf qilish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5066-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosat majlisining 2017 yil 25 noyabrdagi 116-son bayoni asosida Vazirlar Mahkamasining “Favqulodda vaziyatlar vazirligi Hay’ati tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 12-son va “Chet elda favqulodda vaziyatlar yuz berganida fuqarolarga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi” 206-son qarorlari, “Mudofaa vazirligi vertolet aviatsiyasidan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi 225-son farmoyishi qabul qilinib, “Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha zamonaviy tahdid va xavf manbalarini hisobga olgan holda hududlar va ob’ektlarning fuqaro muhofazasi bo‘yicha toifa darajasini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi, “Favqulodda vaziyatlar holati uchun moddiy va moliyaviy resurslar zahirasini yaratish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi, “Gidrometeorologiya xizmati markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi” Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalari vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish  va fuqaro muhofazasi sohasidagi tadbirlarni samarali tashkil qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2018 yil 8 yanvardagi 1-son buyrug‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini tabiiy hamda texnogen favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2018 yil uchun asosiy tadbirlar rejasi va Favqulodda vaziyatlar vazirining 15 yanvardagi 25-son buyrug‘i bilan “Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha 2017 yilda bajarilgan tadbirlar yakuni va 2018 yildagi vazifalar to‘g‘risida”gi  reja qabul qilinib, taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra qator tadbirlar amalga oshirilgan.

Jumladan, yanvar-fevral oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari – Fuqaro muhofazasi boshliqlari tomonidan Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hududiy komissiyalarning 2017 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilib, joylarda amalga oshirilgan ishlar, mavjud kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. Yig‘ilishlar yakunlari bo‘yicha hududiy komissiyalarning 2018 yildagi chora-tadbirlar rejalari tasdiqlanib, ijroga qaratilgan.

Shuningdek, 2018 yilda toshqin suvlari va sel oqimlarini barqaror, xavfsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash maqsadida Yig‘ma manzilli dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi majlisining 1-son bayoni tegishli vazirlik va idoralar, viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda 2018 yil 14 mart kuni tasdiqlangan.

Joriy yilning 27 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hamda Toshqinga qarshi Hukumat komissiyalarining yig‘ilishi o‘tkazilib, yig‘ilishda respublika aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda suv toshqinlari, sel oqimlari, ko‘chki hodisalarining oldini olish bo‘yicha 2018 yildagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Favqulodda vaziyatlar va baxtsiz hodisalar, ularda halok bo‘lgan va jabrlangan fuqarolar bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan hamda sel-toshqin xavfi mavjud hududlarda kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni tashkil qilish yuzasidan hududiy komissiyalar tarkibiga hamda Hukumat komissiyalari a’zolariga topshiriqlar berilib, aniq muddatlar belgilangan.

Fevral-mart oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi (22534 nafar shaxsiy tarkib, 181 ta texnika) va Buxoro (3652 nafar shaxsiy tarkib, 209 ta texnika), Andijon (10671 nafar shaxsiy tarkib, 251 ta texnika) va Farg‘ona (8825 nafar shaxsiy tarkib, 153 ta texnika) viloyatlarida hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari, Jizzax (5737 nafar shaxsiy tarkib, 64 ta texnika), Sirdaryo (3038 nafar shaxsiy tarkib, 113 ta texnika), Samarqand (3465 nafar shaxsiy tarkib, 216 ta texnika), Namangan (4576 nafar shaxsiy tarkib, 150 ta texnika), Toshkent (12192 nafar shaxsiy tarkib, 194 ta texnika), Qashqadaryo (3514 nafar shaxsiy tarkib, 252 ta texnika), Xorazm (43110 nafar shaxsiy tarkib, 337 ta texnika), Navoiy (11471 nafar shaxsiy tarkib, 149 ta texnika) viloyatlarida shahar, tuman miqyosidagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazilgan. O‘quv mashqlari doirasida Amudaryo, To‘rtko‘l, Xonqa, G‘ijduvon, Shofirkon, Buloqboshi, Xo‘jaobod, Mirzacho‘l, Narpay, Namangan, Boyovut, Piskent, Quva, Karmana tumanlari va Qarshi, Quvasoy shaharlarida “Mahalla fuqaro muhofazasi” ko‘ngilli yig‘ma guruhlarining favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki sodir bo‘lganda FVDqT tarkibidagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi. O‘quv mashqlarini normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida ishlab chiqish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlaridagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari hujjatlari bo‘yicha xulosa berilib, o‘quv mashqlari yakunlari tahlili zaruriy qarorlar qabul qilish maqsadida vazirlik rahbariyatiga taqdim etib borilgan.

12-25 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 149 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari tashkil qilindi. Hududiy Suv taqsimlash bo‘limlari, Fermerlar kengashlari, Suv iste’molchilari uyushmalari, fermer xo‘jaliklari ishchi-xodimlari hamda ish bilan band bo‘lmagan aholini jalb qilgan holda (jami 28.473 nafar, 869 ta maxsus-muhandislik texnikalari) qo‘l kuchi va texnikalar yordamida 392,06 km. kanallar, 324,94 km. ichki ariqlar tozalanib, 267 ta gidroinshoot ta’mirlandi hamda soz holatga  keltirilgan.

10-28 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida fuqarolarning qarovsiz hayvonlar tishlashidan jabrlanishi ko‘rsatkichi yuqori shahar va tumanlarida “Odamlar va hayvonlar o‘rtasida quturish kasalligi tarqalishining oldini olishda FVDqT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida 15 ta ko‘rgazmali maxsus-taktik-o‘quv o‘quv mashqlari o‘tkazilib, jami 2809 nafar shaxsiy tarkib, 74 ta maxsus texnika ishtirok etdi. Aholiga 16000 dona quturish kasalligi profilaktikasiga oid eslatma va bukletlar tarqatilgan.

Mart oyi III-o‘n kunligida Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi tabiiy o‘chog‘i mavjud 8 ta viloyatda maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, jami 942 nafar shaxsiy tarkib, 37 ta maxsus texnika jalb qilindi va aholiga 5500 dona eslatma tarqatildi. O‘quv mashqlari davomida veterinariya xodimlarining maxsus kiyimlar bilan (Qashqadaryo viloyati) hamda dezinsektantlar bilan (Sirdaryo va Navoiy viloyatlari) yetarli darajada ta’minlanmaganligi aniqlanib, bartaraf etish yuzasidan xizmatlar boshliqlariga ko‘rsatmalar berilgan.

Hozirda Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazilishi munosabati bilan tadbir doirasida o‘quv mashqlari va mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan ob’ektlarni belgilash va boshqa tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Tojikiston Respublikasining Xatlon va O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyatlarida zararli chigirtkalarga qarshi kurashish bo‘yicha Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turmaniston Respublikalari bilan hamkorlikda maxsus-taktik o‘quv mashqlariga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Andijon viloyatida 36 ta, Toshkent shahrida 33 ta, Surxondaryo viloyatida 23 ta, Farg‘ona viloyatida 20 ta, Samarqand viloyatida 13 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Sirdaryo viloyatida 4 ta, Xorazm viloyatida
3 ta, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 1 tadan kichik hajmli kemalar ro‘yxatga olingan.

Fevral-mart oylari 1-o‘n kunligida Qishloq va suv xo‘jaligi hamda Xalq ta’limi vazirliklarida favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida qonunchilik talablariga amal qilinishi tekshirilgan.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidagi tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha Jizzax viloyati Sirdaryo-Zarafshon Meliorativ ekspeditsiyasi, Jizzax bosh nasos stansiyasidan foydalanish boshqarmasi, Sirdaryo-Zarafshon Nasos stansiyalari va Energetika boshqarmasi, Sirdaryo-Zarafshon Zomin Irrigatsiya tizimi bo‘limi hamda Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Qishlok va suv xo‘jaligi bo‘limi mas’ul xodimlariga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rish maqsadida hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura va sud idoralariga taqdim qilingan. Farg‘ona viloyatidagi “Sirdaryo-So‘x” Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi va “Isfara-Sirdaryo” irrigatsiya tizimi boshqarmasi, Navoiy viloyati Konimex tuman Qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi, Samarqand viloyatidagi Jomboy va Samarqand tumanlari Qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlariga, Sirdaryo viloyatidagi “Sirdaryo meliorativ” ekspeditsiyasi,   Sirdaryo nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, “Guliston davsuvmahsulotpudrat” DUK va “Sho‘ruzak-Sirdaryo” irrigatsiya tizimlari boshqarmalari mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 2041-moddasi 1-qismi bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rilgan. Qolgan hududlarda mas’ul shaxslarga kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddatlar belgilangan bo‘lib, ayni paytga qadar kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmagan.

Vazirlar Mahkamasining reja-topshirig‘iga asosan yanvar oyida Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida idoralararo ishchi guruhi tomonidan aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish va havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida olib borilgan ishlar o‘rganilib, Andijon viloyatining Andijon va Buloqboshi tumanlari, Namangan viloyatining Namangan, Norin, Pop, Chust, Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Shaxrisabz, Muborak, G‘uzor va Kitob tumanlari, Surxondaryo viloyatining Termiz, Sherobod va Qiziriq tumanlari, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l, Toshkent tumanlari va Yangiyo‘l shahri hamda Toshkent shahrining Olmazor, Yunusobod va Yashnabod tumanlarida Dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha hokimliklarning tegishli qarorlari va chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilmaganligi aniqlangan. Shuningdek, kompleks chora-tadbirlar Dasturi»ning ijrosi Jizzax va Samarqand viloyatlarida “qoniqarsiz” tashkil qilinganligi o‘z navbatida ushbu hududlarda mos ravishda
2 ta va 3 ta favqulodda vaziyat kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. 

2018 yil I chorak davomida O‘zgidromet iqtisodiyot tarmoqlari va aholini o‘z vaqtida sifatli gidrometeorologik kuzatuvlar va tabiiy atrof muhit ifloslanishi monitoringi ma’lumotlari va prognozlari bilan ta’minladi. O‘zgidromet markazining xizmat ko‘rsatish, tezkor, tahliliy, klimatik ma’lumotlarni vazirlik, idora va boshqa tegishli korxona va tashkilotlarga yetkazilish ishlari 63,3 mln. so‘mni tashkil etdi.

Qisqa va o‘rta muddatli tezkor meteorologik va agrometeorologik ma’lumotlar va prognozlarining oqlanishi va aniqlik darajasi 85-91 foizni, gidrologik ma’lumotlar 88-100 foizni, agrometeorologik ma’lumotlar 99 foizni tashkil etdi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan 2018 yil  I choragida Toshkent shahri bo‘yicha 11316 ta, tarmoq bo‘yicha 44850 ta atmosfera havosi namunalari tahlil qilinib, suv ifloslanishi monitoringi laboratoriyasida 254 yuza suv namunalari, radioaktiv yog‘inlarini aniqlash uchun 174 ta namunalar tahlil qilingan.

Respublika hududida sel va toshqin suvlarini suv oqimlari bo‘ylab barqaror va xavfsiz o‘tkazib yuborish maqsadida, gidrometeorologik va geologik xavfli hududlaridan xavfsiz joyga doimiy ko‘chirilishi lozim bo‘lgan 64 ta xo‘jalikdan (330 nafar fuqaro), 1 chorakda Surxondaryo viloyatida 32 ta xo‘jalik (149 nafar fuqaro) vaqtinchalik, Qashqadaryo viloyatidagi 7 ta xo‘jalik (38 nafar fuqaro)dan, 4 ta xo‘jalik (23 nafar fuqaro) doimiy, 3 ta xo‘jalik (15 nafar fuqaro) vaqtinchalik, Toshkent viloyatidagi 20 ta xo‘jalik (104 nafar fuqaro)dan 2 ta xo‘jalik (8 nafar fuqaro) doimiy, 11 ta xo‘jalik (30 nafar fuqaro) vaqtinchalik (jami 6 ta xo‘jalik - 31 nafar fuqaro doimiy, 46 ta xo‘jalik – 194 nafar fuqaro vaqtinchalik) ko‘chirilgan.

Toshkent viloyatida 7 ta xo‘jalik (66 nafar fuqaro) va Samarqand viloyatida 5 ta xo‘jalikni (39 nafar fuqaro) xavfsiz xududlarga doimiy ko‘chirish lozim bo‘lsada, bu boradagi ishlar amalga oshirilmagan.

Vaqtinchalik ko‘chirilgan aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida, respublika bo‘yicha 45 ta nazorat-kuzatuv posti (shundan, 28 ta IIB xodimlari tarkibidan, 17 ta jamoatchilik vakillaridan) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, sel va suv toshqini xavfi mavjud uchastkalarda 17 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, 1618 ta shaxsiy tarkib, 211 ta texnikalar jalb qilingan mazkur tadbirlarda, 44320 m3 tuproq, 8517 m3 tosh-shag‘al, 164.2 m3 beton, 10440 p/m o‘zan tozalash ishlari bajarilgan. Lekin  Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 1-chorakda sel va suv toshqini mavjud xududlarda maxsus-taktik mashqlari o‘tkazilmagan.

Shuningdek, respublika hududida texnogen xavf manbai hisoblangan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, magistral gaz quvurlari hamda irrigatsiya-melioratsiya inshootlari muhofaza hududida 1100 dan ortiq noqonuniy qurilmalar mavjud bo‘lib, ularni balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan xavfsiz joyga ko‘chirish ishlari sust darajada nazorat qilinmoqda.

Hisobot davrida qutqaruv tuzilmalari tomonidan jami 3005 ta chiqishlar amalga oshirilib, 415 ta holatda aholiga yordam ko‘rsatishga, 270 marta amaliy yordam ko‘rsatishga, 148 ta holatda hamkorlikdagi o‘quv mashqlari va mashg‘ulotlarga, 458 marta ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlashga, 31 marta suvda qidiruv ishlariga, 120 ta holatda profilaktik tadbirlarga, 104 marta o‘quv seminariga, 788 holatda o‘quv mashg‘ulotlariga va 671 marta obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan. Chiqishlarda 9 nafar fuqaroning xayoti saqlab qolinib, 35 nafar jabrlangan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

15-25 fevral kunlari umumta’lim maktablari, akademik litseylari va kasb-hunar kollejlarida “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari bilan viloyat miqyosida ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilib, fevral-mart oylarida shahar va tumanlar miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda 2243 ta maktabdan 20843 nafar o‘quvchi, 949 ta kollej va litseylardan 10846 nafar o‘quvchi ishtirok etgan. Nukus shahar 1-son bolalar va o‘smirlar sport maktabida 16-17 mart kunlari (513 nafar ishtirokchi), Andijon shahar 4-son umumta’lim maktabida 17 mart kuni (364 nafar ishtirokchi), Guliston shahar “Alpomish” majmuasida 28-29 mart kunlari viloyat bosqichi musobaqalari o‘tkazilgan.

Fuqaro muhofazasi institutida 1-chorakda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida 516 nafar (rejaga - 296 nisbatan 174%), safarbarlik tayyorgarligi bo‘yicha 141 nafar (rejaga - 203 nisbatan 69%) turli toifadagi rahbarlar qayta tayyorgarlikdan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi  tayyorgarligi bo‘yicha Surxondaryodan 3 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon, Buxoro, Samarqand, Namangan viloyatlaridan 2 nafardan, Qashqadaryodan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan 1 nafardan (jami 16 nafar) tinglovchining, safarbarlik tayyorgarligi bo‘yicha Qashqadaryo va Sirdaryodan 4 nafardan, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridan 2 nafardan,  Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 1 nafardan (jami 20 nafar) tinglovchi ishtirok etmagan.

Shular bilan birga, hududiy boshqarmalar Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlari tomonidan  hisobot davrida 6023 nafar (rejaga nisbatan 105 %)  fuqaro qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasiga jalb etilmagan aholi o‘rtasida 29.606 marta tushuntirish ishlari va suhbatlar o‘tkazilib, ularda jami 1.2 million nafar aholi ishtirok etganligi, rahbarlar tarkibi, mutaxassislar va aholiga 500.000 dona eslatma tarqatilganligi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston va Belorussiya Favqulodda vaziyatlar vazirliklari qutqaruv tuzilmalarining 25-30 yanvar kunlari hamkorlikdagi o‘quv mashqlari o‘tkazilib, tog‘li hududlarda qutqaruv ishlarini olib borish yuzasidan tajriba almashildi.

Xalqaro hamkorlik doirasida fevral-mart oylarida Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston respublikalari bilan imzolangan kelishuvlar bo‘yicha seminar, konferensiyalar va yig‘ilishlarda qatnashilib, 5-7 fevral kunlari vazirlik rahbarlar tarkibining hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha, 17-23 fevral kunlari Fuqaro muhofazasi instituti xodimlarini ilmiy ishlarni o‘tkazish borasidagi malakasini oshirishga oid, 13-17 mart kunlari Fuqaro muhofazasi instituti boshlig‘i o‘rinbosarining aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash yuzasidan tajriba almashish bo‘yicha Belarussiyaga tashrifi, 20-23 fevral kunlari vazirlik tuzilma boshliqlarining aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida tajriba o‘rganish maqsadida Koreya Respublikasiga tashrifi amalga oshirilgan.

Toshkent shahar Yunusobod tumani Qoraqamish ko‘chasi 2-uyda zamonaviy va shinam 15 ta xonadondan iborat 3-4 xonali ko‘p qavatli uy vazirlik harbiy xizmatchilariga tantanali ravishda topshirilgan.

Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 73 ta Farmon, qaror, farmoyishlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonidan 120 ta hujjatlar, Vazirlar Mahkamasining 30 ta qaror va farmoyishlari va 279 ta topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidan 17 ta, vazirlik va idoralardan 1240 ta, hokimliklardan 49 ta, xorijiy davlatlardan 17 ta, hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalardan 1098 ta hujjat qabul qilinib, ichki hujjatlar 1484 tani, XDFU hujjatlari 262 tani tashkil qilgan (jami hujjatlar soni - 4669).

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati organlari, vazirlik va idoralarga 853 ta, hokimliklarga 22 ta, xorijiy davlatlarga 20 ta, Vazirlar Mahkamasiga 244 ta, Prezident devoniga 189 ta, hududiy FVBga 131 ta hujjat tayyorlanib, 133 ta faksogramma, 177 ta vazir buyrug‘i, 50 ta vazir birinchi o‘rinbosarining buyruqnomasi, 77 ta vazir o‘rinbosarlari farmoyishlari, 5 ta direktiva, 3 ta qo‘shma qaror, 19 ta vazirlik yig‘ilish bayoni (jami 2027 ta) ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

2018 1-choragida respublika hududida 47 ta favqulodda vaziyat ro‘yxatga olinib, (2016 yilga nisbatan 7% ga o‘sgan), ularning 14 tasi (30%) tabiiy, 33 tasi (70%) texnogen xususiyatlidir.

Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jami 158 nafar fuqaro jabrlangan (2017 yilga nisbatan 2 baravarga o‘sgan), 78 nafari halok bo‘lgan
(2016 yilga nisbatan 18% ga kamaygan).

Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning 2017 yil ayni davriga nisbatan 19%ga, ularda jabrlanganlar 17%,ga o‘sishi, halok bo‘lgan fuqarolarning 0,5% ga kamayishi kuzatilgan bo‘lsa, tabiiy favqulodda vaziyatlar va ularda halok bo‘lganlar mos ravishda 18%ga va 38%ga kamayib, jabrlangan fuqarolarning 15 baravarga o‘sgan.

Favqulodda vaziyatlarni asosan texnogen xususiyatli bino, inshootlarda gaz portlashi va chaqnashi (21%) yo‘l-transport hodisalari (19%), yong‘inlar (15%), transportdagi yong‘in (portlashlar) (4%) hamda tabiiy xususiyatli toksik vositalardan (15%), tabiiy gazdan (6%) va oziq-ovqat mahsulotlaridan (4%) zaharlanish  bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar tashkil etgan.

Hududlar kesimidagi tahlillar Samarqand, Surxondaryo, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida favqulodda vaziyatlar, ularda halok bo‘lgan va jabrlangan fuqarolar bo‘yicha ko‘rsatkichlarning respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aholi tomonidan yong‘in, yo‘l harakati, texnika va gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalariga amal qilinmayotganligi hamda sohaviy xizmatlar tomonidan profilaktik tadbirlarning yetarli darajada olib borilayotganligi kuzatilgan.

A-373 xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tuvchi qismida hamda Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida “Uzavtoyo‘l” davlat unitar korxonasi hamda Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari xokimliklari tomonidan tablolar o‘rnatilishi lozim bo‘lib, amalda Toshkent viloyatida 2 ta (jumladan, Angren shahridan chiqishi joyidagi avtomobil yo‘lining 108 km.da 2x4 metr va  Ohangaron tumani “Chinor” muntazam yo‘l-patrul xizmati maskanida 193 km.da 1x2 metr xajmdagi), Namangan viloyatida 3 ta (jumladan, Pop tumanidagi “Sherobod” va “Chag‘ali” muntazam yo‘l-patrul xizmati maskanlarida 1x2 metr xajmdagi, “G‘olib” maxalla fuqarolar yig‘inida 273 km. 2x4 metr xajmdagi) elektron tablolar o‘rnatilgan.

 

 E’tiboringiz uchun rahmat !

  • Assalomu aleykum hurmatli yig‘ilish qatnashchilari ! O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasi sohasida 2018 yil 1-choragida bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisoboti (0.35 Мб)

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech