Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalari agentligining anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Qo‘ldoshev Abdulla Hamidullaevich ishtirokida “Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish va uning sabablarini o‘rganish natijalari to‘g‘risida” maxsus brifing bo‘lib o‘tdi

Ma'lumki, 2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining yemirilishi natijasida yuz bergan suv toshqini oqibatida bir qancha aholi punktlari, bino-inshootlar hamda ekin maydonlari jiddiy talafot ko‘rdi. Eng achinarlisi, mazkur hodisa tufayli 6 nafar fuqaro qurbon bo‘lib, bir kishi bedarak yo‘qoldi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan toshqin oqibatlarini bartaraf etish, avariya-tiklash ishlarini olib borish, zarar ko‘rgan aholiga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor choralar belgilandi.

Shu maqsadda Hukumat komissiyasi tuzilib, quyidagi ishlar amalga oshirildi.

1. Minglab maxsus texnikalar va kuch vositalari yordamida
110 mingdan ziyod aholi zudlik bilan xavfsiz joylarga evakuasiya qilinib, vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, tibbiy-psixologik yordam va boshqa zarur vositalar bilan ta'minlandi.
Shu bilan birga, respublikamizning turli mintaqalaridan dori-darmon, kiyim-kechak, qurilish materiallari, moliyaviy yordam hamda “Madad karvonlari” yetib keldi.
Bugungi kunda to‘g‘onning shikastlangan qismida 800 metr uzunlikda damba barpo etilib, ta'mirlash-tiklash ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi.

2. Zarar ko‘rgan aholi punktlarini qayta tiklash hamda ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob'ektlarini qurish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2640 xonadondan iborat 86 ta ko‘p qavatli yangi uy-joy qurilib, barcha ijtimoiy-iqtisodiy va transport-muhandislik infratuzilmasiga ega bo‘lgan 3 ta zamonaviy shaharcha barpo etildi;
1830 ta beton panelli uylar va 50 ta ko‘p qavatli uy-joy ta'mirlandi. Bunday chora-tadbirlar natijasida talafotdan jabr chekkan barcha oilalar qisqa muddatda to‘liq uy-joy bilan ta'minlandi;
toshqindan zarar ko‘rgan 4800 oilaga 40 mln. so‘mdan moddiy yordam, maishiy texnika vositalari va chorva mollari ajratildi;

37 ta ijtimoiy soha ob'ektlari, ya'ni 10 ta bog‘cha, 16 ta maktab, 8 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta kollej binosi mukammal ta'mirlandi
va kapital rekonstruksiya qilindi;
1 ta dan yangi maktab va bog‘cha, 72 ta bolalar sport maydonchasi hamda vorkautlar barpo etildi;
205 km umumfoydalanuv va ichki xo‘jalik yo‘llari hamda 14 ta ko‘prikda qurilish-ta'mirlash ishlari bajarildi;
121 km ichimlik va oqova suv tizimi, 8 km kanalizasiya, 345 km elektr energiyasi va 94 km tabiiy gaz tarmoqlari tortildi.
189 km irrigasiya va melioratsiya ob'ektlari, 68 ta baliqchilik va chorvachilik xo‘jaliklari faoliyati qayta tiklandi.

3. Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston hamda mamlakatimizning yuqori malakali ekspertlarining tahlil va xulosalari asosida o‘pirilish sabablari atroflicha o‘rganib chiqilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Moskva davlat qurilish universiteti, “Qurilish sohasida muhandislik izlanishlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri” davlat ilmiy-tadqiqot loyiha instituti tomonidan to‘g‘onning mustahkamligini aniqlash bo‘yicha muhandislik-qidiruv izlanishlari va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borildi.
Xususan, to‘g‘on bo‘ylab 45 metrgacha chuqurlikda 60 ta geologik tik quduqlar qazilib, 2100 ta tuproq namunalari olindi hamda zamonaviy laboratoriya uskunalari yordamida ularning fizik, mexanik va kimyoviy xususiyatlari o‘rganildi;
inshootning deformasiyasini o‘rganish maqsadida to‘g‘on bo‘ylab
423 ta maxsus belgi va 21 ta tayanch geodeziya nuqtalari o‘rnatildi;
to‘g‘ondagi gorizontal siljishlarni aniqlash uchun 444 ta nuqtada xalqaro va davlat standartlari asosida yuqori aniqlikdagi maxsus o‘lchovlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, malakali mutaxassislardan iborat maxsus ishchi guruhlar tuzilib, respublikamizdagi barcha yirik gidrotexnik inshootlar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijalari asosida ularning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Bu sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob'ektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etildi.

4. Olib borilgan tadqiqot va tahlillar natijasiga ko‘ra, to‘g‘on o‘pirilishiga bir qator omillar sabab bo‘lganligi aniqlandi.
Birinchidan, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan buyurtmachi xizmatini tashkil etish, loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan;
inshootni to‘laqonli ekspluatasiya qilishda mazkur suv omboridan foydalanish qoidalari tasdiqlanmagan, bu jarayonda belgilangan texnik va me'yoriy talablar qo‘pol ravishda buzilgan.
Ikkinchidan, “UzGip” MChJ loyiha tashkiloti tomonidan suv omborining ishchi loyiha hujjatlarini tayyorlash jarayonida tasdiqlangan Texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan yechimlarga rioya qilinmasdan, unga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgan. Ishchi loyiha hujjatlarida to‘g‘onning konstruktiv va seysmik mustahkamligi inobatga olinmagan.
Uchinchidan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning pudrat tashkiloti va yordamchi pudrat tashkilotlari tomonidan to‘g‘on tanasi tuprog‘ining zichligi, fil'tr va himoya tosh qatlami qalinligi loyihaviy ko‘rsatkichdan past bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgan.

5. Sardoba suv omborini loyihalashtirish, qurish va to‘g‘onning ekspluatasiyasi jarayonida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi holati bo‘yicha buyurtmachi, loyihachi, qurilish tashkilotlari hamda ekspluatasiya xizmatining 17 nafar mansabdor va mutasaddi shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ayni paytda ularga nisbatan ayblov xulosasi Oliy sud muhokamasiga o‘tkazilgan.
Hozirgi vaqtda suv omborini qurish uchun ajratilgan byudjet mablag‘larining qonuniy sarflanganligi yuzasidan jinoyat ishi doirasida taftish va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Mazkur voqeaga daxldor barcha mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga yaqin kunlarda sud tomonidan huquqiy baho beriladi. Bu haqida jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech