“O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-5706-sonli Farmoni hamda “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4276-sonli qarorining qabul qilinishi bilan respublikamiz aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xizmatlar uchun islohotlarning yangi bosiqichiga tamal toshi qo‘yildi.
Darhaqiqat, mustaqillik yillarida respublikamiz aholisi va hududlarini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohalarida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishlarda, jumladan, yong‘in va avariya-qutqaruv texnikasi va jihozlarining mahalliy turlarini ishlab chiqarilishini rivojlantirish orqali moddiy-texnik bazasi bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaldagi tizimda xavfsiz hayot faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi bir qator omillarning mavjudligi ham ayni haqiqatdir. Xususan:
- yong‘in xavfsizligini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tizimlarining tarqoq holda faoliyat yuritishi;
- mobillik va kuch-vositalarning yetarli emasligi, tuzilmalarning o‘zaro hamkorlik mexanizmlari samaradorligining pastligi;
- yong‘inlarning oldini olish va barvaqt profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning yetarli darajada emasligi;
- yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning uzluksiz sutkalik monitoringi, tezkor boshqaruv va o‘z vaqtida hamkorlikda harakat qilishning yagona samarali tizimi tashkil etilmaganligi;
- sohani ilmiy jihatidan ta’minlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hamda maxsus tadqiqot markazi mavjud emasligi aniqlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tizim faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish hamda ushbu sohada butunlay yangicha bo‘lgan tizimni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarga qadam qo‘yildi.
Xususan, mazkur hujjatlar bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Bular:
- yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat siyosatini yuritish;
- yong‘inlarning samarali profilaktikasi va oldini olishni ta’minlash, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish bo‘yicha davlat yong‘in nazoratini amalga oshirish;
- yong‘inlarni o‘chirishni, yog‘in sodir bo‘lgan hududdagi insonlarni hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qutqarishni tashkil etish, shuningdek, atrof tabiiy muhitni yong‘inlardan asrash shular jumlasidandir.
E’tiborli jihati, tuman (shahar) yong‘in xavfsizligi bo‘limi (bo‘linmalari) bazasida tegishli favqulodda vaziyatlar bo‘limlari shakllantirilmoqda. Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasining yong‘in xavfsizligi qismlari esa yong‘inlarni o‘chirishdan tashqari qutqaruv ishlarini bajarish vazifalari yuklatilgan holda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in-qutqaruv tuzilmalariga aylantirildi.
Albatta, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilgan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va Yong‘in xavfsizligi institutining shahodatlangan xodimlari uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilariga nazarda tutilgan barcha ijtimoiy imtiyozlar va pensiya kafolatlari saqlanib qolinadi. Yong‘in bo‘linmalarining ishchi-xizmatchilari “qutqaruvchi” maqomiga ega bo‘lganidan so‘ng, ish haqi miqdori sezilarli darajada ko‘tariladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligida kadrlarni tayyorlash va ilmiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha yagona tizimni yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan, Yong‘in xavfsizligi instituti, Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi, shuningdek Fuqaro muhofazasi instituti negizida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tashkil etildi.
Akademiyada mutaxassislarni kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklda favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish va yong‘in xavfsizligi sohasida oliy ta’lim beruvchi, ikki bosqichli tayyorlash tizimiga (bakalavr va magistratura) o‘tkazish vazifasi yuklatildi.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, joriy yilning 28 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayryolash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
PQ-4375-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, vazirlik tizimida ham “Temurbeklar maktabi”ni tashkil etilishi belgilangan. Quvonarlisi, Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi Shaxrisabz iqtisodiyot kolleji Shaxrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyga aylantirildi.
Bu o‘z navbatida yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida, yuksak intellektual salohiyatga, zamonaviy fikrlash hamda dunyoqarashga ega, davlatimiz manfaatlari va suverenitetini fidokorona himoya qilishga tayyor bo‘lgan har tomonlama kamol topgan, jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk etib tarbiyalashda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlat yong‘in nazorati organlari xodimlari tomonidan yong‘inlarni barvaqt oldini olish maqsadida aholi bilan turli uchrashuvlar, yig‘ilishlar, tushuntirish ishlari, yosh bolalar bilan esa viktorina va ko‘rik tanlovlar va shu kabi keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda yong‘inlarni oldini olish borasida ko‘rsatuv, lavhalar, roliklar namoyishi, maqolalar chop etilishi, veb-saytlar orqali targ‘ibot tadbirlari, radio tarmoqlardan eshittirishlar tashkil etish, intervyular berish bilan ham yong‘inlarni barvaqt oldini olish ishlari tashkil etiladi.
Ta’kidlash lozimki, sodir bo‘layotgan yong‘inlarning 30 foiziga yaqini elektr sim va kabellarining noto‘g‘ri ulanishi va elektr jihozlaridan foydalanish qoidalariga rioya etilmasligidan kelib chiqmoqda. Shuningdek, gaz jihozlarining nosozligi va ulardan noto‘g‘ri foydalanish sababli gaz va havo aralashmalaridan chaqnashlar hosil bo‘lishi hamda ular oqibatida yong‘inlar sodir bo‘lmoqda. Bunday noxush holatlarni oldini olish maqsadida, idoralararo ishchi guruhlar tashkil etilib, aholi turar joylarida xonadonma-xonadon yurgan holda, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarni oldini olishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda. Profilaktik tadbirlar davomida aholining barcha qatlamlariga tushintirish ishlari olib borilmoqda, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etilmoqda hamda xavfsizilik qoidalarini targ‘ib etuvchi eslatma, buklet, flayer va yo‘riqnomalar tarqatilmoqda.
Ma’lumki, rivoji yoki faollashuvi favqulodda vaziyatga olib keladigan xavfli tabiiy-texnogen jarayon va hodisalarni tizimli
holda kuzatib borish, monitoring va prognozlash asosida tegishli profilaktik tadbirlarni samarali amalga oshirishga, o‘z vaqtida favqulodda vaziyatlarning oldini olishga erishish mumkin.
Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial xavf manbalarini barvaqt aniqlash, ular bo‘yicha tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish va amalga oshirish, ularning rivojlanish ehtimoli, faollashuvi dinamikasi va ko‘lamini oldindan prognozlashtirish, favqulodda vaziyat yuzaga kelish xavfi va uning oqibatlari to‘g‘risida doimiy va avtomatlashtirilgan holda axborot almashinuvini ta’minlash, shuningdek ularning oldini olish va oqibatlarini kamaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi 1027-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur hujjatga ko‘ra, yagona tizimning asosiy vazifalari etib:
tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular bo‘yicha tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash ma’lumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari to‘g‘risida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning rivojlanish ehtimoli xususiyati va ko‘lamini oldindan prognozlashtirish hisoblanadi.
Yagona tizimni - xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash funksiyalarini bajaradigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat organlari va boshqa tashkilotlar tuzilmalarining majmuasi sifatida ko‘rish mumkin.
Yagona tizim faoliyatini tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlashni tizimli nazorat qilish va yechilishi lozim bo‘lgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Yagona tizimga kiruvchi vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat idoralararo ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Bugungi kunda, vazirlikning tegishli xizmatlari tomonidan oylik, choraklik va yillik prognoz ma’lumotlari tayyorlanib, vazirlikning tarkibiy tuzilmalariga tegishli profilaktik tadbirlarni tashkil etish maqsadida yuboriladi.