Qaror mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida seminar-trening tashkil etildi

Bugun, 1-may kuni FVV Fuqaro muhofazasi institutida magistratura bosqichi tinglovchilari hamda malaka oshirish kurslarida ta’lim olayotgan mutaxassislari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-aprel kuni qabul qilingan “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-161-son qarori mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Seysmologiya instituti, Toshkent arxitektura va qurilish universiteti olimlari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi mutaxassislari tomonidan qaror bilan belgilangan vazifalar va ularning yechimlari, ularni amalga oshirish orqali hududlarda bino va inshootlar zilzilabardoshligi oshirilishi, shuningdek seysmik xavfni monitoring qilish faoliyati yanada takomillashtirilishi bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.

Seminar-trening ishtirokchilari soha mutaxassislaridan seysmik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlarda   qaror bilan rejalashtirilgan chora-tadbirlarning o‘rni, ushbu jarayonga tatbiq etilayotgan zamonaviy uslublar, innovatsion loyihalar hamda yangicha yondashuvlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.