Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida innovatsion g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida, professor-o‘qituvchilar hamda kursantlarga zarur shart-sharoitlar yaratish, fan va texnika taraqqiyotining so‘nggi yutuqlarini o‘zlashtirib, amaliy faoliyatda mustaqil qo‘llash qobiliyatiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, so‘nggi yillarda Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘nlab innovatsion g‘oyalar, yangi kimyoviy tarkiblar hamda elektron dasturlar uchun patent va guvohnomalar olindi. Ulardan Ixtiro patenti (№ IAP 7615 Yong‘in o‘chirish uchun ko‘pik hosil qiluvchi tarkib), foydali model patenti (№ FAP 2446 Aromatik karbon kislotalarning vinil efirlarini olish usuli, № FAP 2426 Yong‘inni o‘chirish uchun ekologik xavfsiz ko‘pik hosil qiluvchi tarkib), Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar (№ DGU 36651 Favqulodda vaziyatlarda harakatlar algoritmi, № DGU Aholi turar joylarida elektr uskunalari bilan bog‘liq bo‘lgan yong‘inlarni oldini olishda foydalaniladigan dasturiy ta’minot) kabilarni alohida ko‘rsatish mumkin.
Ushbu ixtirolarning asosiy mazmuni – eksport o‘rnini bosuvchi, mahalliy xom-ashyolardan tayyorlangan, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda qattiq yonuvchi materiallar bilan bog‘liq bo‘lgan yong‘inlarni bartaraf etishda foydalaniladigan yong‘in o‘chirish uchun ekologik xavfsiz ko‘pik hosil qiluvchi tarkiblar ishlab chiqish, neft va gazni qayta ishlash korxonalarida foydalanilayotgan metall qurilmalarida biokorroziya jarayonini keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar-bakteriya va zamburug‘larga qarshi antikorrozion ingibitorlar sifatida qo‘llanilgan aromatik karbon kislotalarning vinil efirlarini katalizator ishtirokisiz vinilatsetat asosida sintez qilish imkonini beruvchi Aromatik karbon kislotalarning vinil efirlarini olish hamda turli favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularning profilaktikasini amalga oshirishdan iborat.
Bu kabi innovatsion texnologiyalar va yangi kimyoviy tarkiblarning ixtiro etilayotganligi, yangi innovatsion ishlanmalarning amaliyotga tadbiq etilayotganligi hamda sohada mavjud ayrim muammolarni dasturiy ta’minot yordamida ijobiy hal etilayotganligi shuningdek, ushbu ixtirolarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi yosh olimlarni yangi innovatsiyalar sari chorlamoqda.
Yangi innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar natijalari Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi o‘quv jarayoni va favqulodda vaziyatlarda yuzaga kelayotgan muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy-amaliy izlanishlarning samaradorligini oshirmoqda.
Shuningdek, sohada malakali mutaxassislar tayyorlash vazifalarini hal etish borasida kursantlar, yosh o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning o‘quv jarayoni va amaliy faoliyatini to‘ldirib boradigan ixtirochilik ishlariga jalb etilishi, ilmiy faoliyatga yo‘naltirilishi hamda ularda kreativ va innovatsion fikrlash qobiliyatini shakllantirilishi sohada tub burilish yasalishida shuningdek, yoshlarni sog‘lom raqobat asosidagi yangi ixtirolar sari izlanishlariga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi
“Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi” kafedrasi boshlig‘i
t.f.f.d., dotsent Jumayev Sayfiddin Qodirovich