Fuqaro muhofazasi instituti tomonidan YuNISEF bilan hamkorlikda 28-29-may kunlari Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrining bir qator umumtaʼlim va nogironligi mavjud bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablari rahbarlari va pedagoglari uchun “Zilzila va boshqa tabiiy ofatlar xavfi tahdidi yuqori bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarining favqulodda vaziyatlarda bardoshliligini taʼminlashga qaratilgan mahalliy va milliy salohiyatlarini mustahkamlash” loyihasi doirasida amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Seminarning asosiy maqsadi – maktablar maʼmuriyatlari va pedagog xodimlari tomonidan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy ofatlarni boshqarish xamda ularning taxdidini pasaytirish rejalarini gender sezuvchanlikni va taʼlim olishda alohida ehtiyojlari mavjud o‘quvchilarni inobatga olgan xolda ishlab chiqishning uslubiy asoslarini yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Аmaliy seminar ishtirokchilariga tegishli mavzularda maruzalar tashkil etilib, bir qator amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilarning barchasi zilzilalarga tayyorgarlik bo‘yicha milliy elektron taʼlim platformasiga joylashtirilgan mustaqil taʼlim dasturi bilan tanishtirilib, egallagan nazariy bilimlari sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazildi va sertifikatlar taqdim etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblarni oldilar hamda ularga kelgusi faoliyatlarida foydalanish uchun seminar materiallari joylashtirilgan hamda loyiha homiysi (USAID) va ijrochilari logotiplari aks ettirilgan tarqatma materiallar topshirildi.