Barchangizni xalqimizning eng ezgu qadriyatlaridan biri, o‘zaro mehr-oqibat, saxovat ayyomi – muborak Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Dillarimiz quvonchga to‘lgan mana shunday qutlug‘ damlarda avvalo el-yurtimiz bilan birga Qurbon hayitiga tinch-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytaman.
Qurbon hayiti musulmonlarning eng ulug‘ ayyomlaridan biri bo‘lib, bizlarga bir-birimiz bilan yanada ahil, totuv bo‘lib yashashni, bag‘rikeng bo‘lishni, faqat o‘zimiz uchun emas, o‘zgalar uchun ham kamarbasta, fidoyi bo‘lishni o‘rgatadi. Yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishida, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining yuksalishida bu kabi insoniy fazilatlarning o‘rni beqiyosdir.
Ayni paytda bu muqaddas bayram mohiyatida mujassam bo‘lgan tinchlik, do‘stlik va hamkorlik, insonparvarlik g‘oyalari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan maqsad va vazifalarga uyg‘un va hamohang ekanini his etib, ko‘ngillarimiz yanada shukuhga to‘lmoqda.
Alohida aytib o‘tish kerakki, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashda vazirligimiz shaxsiy tarkibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarni fidoyilik bilan ado etib kelmoqda. Oldimizda turgan Qurbon hayitini xavfsiz o‘tkazish ham biz – soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Ishonamizki, Siz – tizim harbiy xizmatchilari va xizmatchilari ushbu vazifalarni sidqidildan ado etasiz, xalqimiz hamda davlatimiz ishonchini oqlaysiz!
Aziz hamkasblar! Sizlarni yana bir bor muborak Qurbon hayiti bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ushbu qutlug‘ kunda xalqimiz farovonligini ta’minlash, fuqarolarni
o‘z vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berishdek sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.
Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Vazir
general-mayor
A. Qo‘ldoshev