Bugun, 15-iyul kuni Namangan shahar Davlatobod tumani hududida joylashgan Otchopar sport majmuasida Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Shtab boshlig‘i polkovnik S.Zuparov rahbarligida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari quyi tizimi bilan o‘tkaziladigan Hamkorlikdagi Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlariga tayyorgarlik ishlari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari, Namangan viloyati FVB boshlig‘i polkovnik B.Egamnazarov, Namangan viloyati Aholi va hududlarni muhofazasiga mas’ul tashkilotlar mutaxassislari shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining buyrug‘iga muvofiq, joriy yilning 16-18-iyul kunlari Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari quyi tizimining boshqaruv organlari, kuch va vositalari bilan Hamkorlikdagi Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazilishi;
shuningdek, joriy yilning 15-20-iyul kunlari “2024/2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, mavsum davomida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yirik avariyalarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi tadbirlarini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘mondonlik shtab-o‘quv mashqlarini o‘tkazish rejalashtirilganligi bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad: Aholini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda talofotlarni oldini olishga, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini qutqaruv ishlari hamda kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarni bajarishga, fuqaro muhofazasi sohasida tayyorgarligini oshirishdir.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlar da harakat qilish davlat tizimining Hamkorlikdagi Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarida zilzila, suv toshishi, energetika, gaz, issiqlik va suv ta’minoti tizimidagi avariyalar, kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalarning atrof muhitga tarqalishi, transport obyektlaridagi favqulodda vaziyatlarda mahalliy hokimliklar, FVDT quyi tizimiga kiruvchi korxona, tashkilot, muassasalar hamda amaliy tadbirlar o‘tkaziladigan obyektlar rahbarlar tarkibi va kuchlarining hamkorlikdagi harakatlarini yuqori darajada tashkil etish tadbirlariga alohida e’tibor qaratiladi.