O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga muvofiq, joriy yilning 16-18 iyul kunlari “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hududiy va funksional quyi tizimlari boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarining aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha harakatlari” mavzusida Hamkorlikdagi Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
O‘quv mashqida Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev videokonfrensaloqa orqali hamda Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hokimlari bevosita joyidan ishtirok etdi. Favqulodda vaziyatlar vaziri jarayonlarni onlayn tarzda kuzatib bordi.
O‘quv mashqlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad, aholini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda talofotlarni oldini olish, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini qutqaruv ishlari hamda kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarni bajarish, fuqaro muhofazasi sohasi tayyorgarligini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Unda zilzila, suv toshishi, energetika, gaz, issiqlik va suv ta’minoti tizimidagi avariyalar, kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalarning atrof muhitga tarqalishi, transport obyektlaridagi favqulodda vaziyatlarda mahalliy hokimliklar, FVDT quyi tizimiga kiruvchi korxona, tashkilot, muassasalar hamda amaliy tadbirlar o‘tkaziladigan obyektlar rahbarlar tarkibi va kuchlarining hamkorlikdagi harakatlarini yuqori darajada tashkil etish tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, o‘quv mashqi doirasida 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, mavsum davomida issiqlik va energetika tarmoqlarini barqaror ishlashi, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yirik avariyalarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini samarali tashkil etish bo‘yicha ham amaliy harakatlar olib borildi.
O‘quv mashqi yakunlari bo‘yicha FVDT Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari boshqaruv organlari hamda kuch va vositalari favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyor deb baholandi.