Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilayotgan Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘z yakuniga yetdi.

 Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev boshchiligida To‘rtko‘l tumanida o‘quv mashqi yakuniy natijalari sarhisob qilindi.

 O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga muvofiq, joriy yilning 29-31 iyul kunlari “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududiy va funksional quyi tizimlari boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarining aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

O‘quv mashqi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida energetika va kommunal soha obyektlarining 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, mavsum davomida issiqlik va energetika tarmoqlarini barqaror ishlashi, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yirik avariyalarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy harakatlar olib borildi. 

O‘quv mashqining bugungi kunida Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari elektr energiyasida sodir bo‘lgan avariyaviy uzilishlarni bartaraf etish harakatlari bajarildi. Ushbu jarayonlarni Favqulodda vaziyatlar vaziri joyidan kuzatib bordi.

Shuningdek, jarayonda aholini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda talofotlarni oldini olish, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini qutqaruv ishlari hamda kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarni bajarish, fuqaro muhofazasi sohasini tayyorgarligini oshirishdan iborat bo‘ldi.

O‘quv mashqi yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar soha masʼullari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, zarur ko‘rsatmalar berildi.