Bugun, 15-avgust kuni Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining yillik mintaqaviy forumi o‘tkazildi. Forum doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining ma’ruzalari, ekspert ishchi guruhining yig‘ilishi, ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday dasturi monitoringi borasida mintaqaviy treninglar, seminarlar, delegatsiyalar rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari kabi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev o‘z nutqida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlari, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, tizimli asosda amalga oshirilayotgan aniq amaliy ishlaridir. Shuningdek, A.X.Qo‘ldoshev transchegaraviy favqulodda vaziyatlarning oldini olishda mintaqaning barcha mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning aniq misollarini keltirdi. Tezkor axborot almashishni yo‘lga qo‘yish, chegara daryolarida qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlarini olib borish, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish, erta ogohlantirish tizimini keng joriy etish va boshqalar shular jumlasidandir.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tabiiy va texnogen transchegaraviy tahdidlarning Raqamli atlasini yaratish konsepsiyasi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari va boshqa dolzarb mavzular muhokamasi va kelishuvi bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Forum doirasida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev o‘z hamkasblari – Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston qutqaruv idoralari rahbarlari va bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, har yili o‘tkaziladigan forumning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlarining ixtisoslashgan tuzilmalari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik orqali transchegaraviy harakterdagi tabiiy ofatlar xavfini maksimal darajada kamaytirishga erishishdan iborat.