FVV Akademiyasida “Vatanga qasamyod” tadbiri o‘tkazildi

Bugun, 1-sentyabr kuni joriy yilda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga o‘qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarining “Vatanga qasamyod” qabul qilish tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari polkovnik X.Alibayev, Yangi hayot tumani hokimiyati mas’ul vakillari, FVV Akademiyasi rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, faxriylar, harbiy xizmatchilari, kursantlar va ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar kursantlarni ona Vatanga xizmat qilish kabi sharafli kasbni egallash yoʻlidagi ilk qadamlari bilan qutladi.

Tadbir davomida Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan Akademiyada a’lo bahoga o‘qib, o‘zining intizomi, xulqi va odobi bilan o‘rnak bo‘lib kelayotgan hamda turli fan olimpiadalari, sport musobaqalari va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘layotgan 2-batalyon kursanti Jon-Muhammad Ahadov, 4-batalyon kursanti Bekjon Ulashov hamda 5-batalyon kursanti Shuhrat Yuldashevlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Amir Temur” nomidagi stependiyasi va faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandilar.

— G‘urur, sadoqat va oriyatni eng oliy qadriyat, deb biladigan yigit uchun bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki yigitlik sha’ni, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli hamda sharafli burchni ado etishga bel bog‘lash, ahd-paymon qilish marosimidir, deydi birinchi batalyon kursanti — Ozodbek Ismoilov — Mana bugun men orzuimga yetishish yo‘lida FVV Akademiyasiga o‘qishga kirib, jonajon Vatanimizga, xalqimizga munosib farzand bo‘lib, fuqarolarimizning hayoti, sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash uchun bor kuch g‘ayratimni ayamay xizmat qilishga tantanali qasamyod qildim. Bu hayotimdagi eng quvonchli onlardan biri bo‘lib, xotiramda bir umrga muhrlanib qoladi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Akademiyada chuqur bilim olish bilan birgalikda, Ona-Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimiz ravnaqini oshirishga, muhtaram Prezidentimizning biz yoshlarga bildirayotgan yuksak ishonchlarini oqlashga men va safdoshlarim nomidan va’da beraman.

Kursantlar davlatimizning muqaddas ramzi boʻlgan bayroq oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bogʻlab, vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib, Oʻzbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq boʻlishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi.