Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev Chirchiq shahrida barpo etilgan yangi uylar kalitini o‘z egalariga topshirdi

Bugungi kunda Davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shu maqsadda bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida xizmat olib borayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarga Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qad rostlagan 5 qavatli uy xonadonlari kaliti tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi. Yangi  uylarini topshirish marosimi chin ma’noda tantanaga aylanib ketdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xonadonlarni egalariga tantanali topshirish marosimida Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev, vazir o‘rinbosari polkovnik X.N.Alibayev, harbiy xizmatchilar, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Soʻz olganlar dastlab mustaqilligimizning 33 yilligi bilan ishtirokchilarni tabriklab, mamlakatimizda harbiylar, ularning oila a’zolarini munosib rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha fikr-mulohazalarini bildirdi va yangi uy sohib-u sohibalariga farovon hayot tiladilar. Xonadon kalitlarini qabul qilib olgan oilalar quvonchi bir olam.

Darhaqiqat, ushbu yangi uylar zamonaviy loyihalar asosida qurilgan bo‘lib, shinam va barcha qulayliklarga ega. Mehmonxona, oshxona va boshqa yordamchi xonalar davr talabarliga mos jihozlangan.

Shuningdek, ko‘p qavatli binoning atrofida barcha zarur infratuzilmalar, qulay shart-sharoitlar yaratilganligi, uyda yashovchilarning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Uy atrofida tiklangan dam olish maskanlari va bolalar maydonchalarida kichkintoylar allaqachon oʻyin-kulguni boshlab yuborgan.

“Tinch yurtga bayramlar yarashadi” – deydi dono xalqimiz. Ushbu shodiyona ham Vatanimiz tinchligi, dasturxonimiz toʻkinligi, xalqimizning shukronada ekani va albatta harbiy xizmatchilarga eʼtiborning yuksak namunasi desak adashmaymiz.