O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha 2023-yilda bajarilgan ishlar yakuni va 2024-yildagi asosiy vazifalar

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (keyingi o‘rinlarda - FVDT) 2023-yildagi asosiy faoliyati aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali tashkil etish va amalga oshirish, FVDT boshqaruv organlari hamda kuchlar va vositalarining tayyorgarligini oshirish hamda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tadbirlarga qaratildi. FVDT tomonidan 2023-yil uchun asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Jumladan, respublikaning tog‘li hududlarida qor zaxiralarini va baland tog‘lardagi ko‘llarning holatini baholash, qor ko‘chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash bo‘yicha 4 marotaba aerovizual kuzatuvlar amalga oshirilib, xavfli hududlarda jamoatchilik vakillaridan iborat 146 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etildi va doimiy ko‘chirilishi lozim bo‘lgan 8 ta xo‘jalikdan 54 nafar fuqaro vaqtincha xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash bo‘yicha 230 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashqlarida jami 70 ming m³ tuproq, 139 ming m³ qum-shag‘al, 22 ming m³ beton ishlari bajarilib, 108 kmdan ortiq masofadagi ichki ariq va magistral kanallar tozalandi. Ushbu tadbirlarga jami 9 743 nafar xodim va 2 413 ta maxsus muhandislik texnikalari jalb etildi. 2023 yilda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan Yig‘ma manzilli dastur asosida 67 ta suv ob’ektlarida 2 589 m 3 tuproq, 24 962 m3 tosh, 32 527 m3 beton va 431 tonna temir ishlari bajarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023 yil 16 maydagi PQ–158-son qaroriga muvofiq 2023 yil 1–7 iyun kunlari “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” o‘tkazildi va xaftalik davomida 42 456 nafar fuqaro ishtirokida 1 192 marotaba profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasining 2023 yil 16 fevraldagi 7-son bayoniga muvofiq respublika hududida 2023 yil 1 mart – 1 aprel kunlari respublika miqyosida “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” o‘tkazildi. Shuningdek, 2023 yil 23–25 may kunlari “Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida FVDT hududiy quyi tizimlari boshqaruv organlarining aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen hususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida viloyat darajasida, 2023 yil avgust - sentabr oylari davomida “Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, energetika tarmoqlari va kommunal xo‘jaligi barqarorligini ta’minlash, aholiga va iqtisodiyot tarmoqlariga elektr va issiqlik energiyasi, gaz resurslarini uzluksiz yetkazishda favqulodda vaziyatlarning oldini olish” mavzusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Mazkur o‘quv mashqlariga jami 10 345 nafar rahbar xodim va shaxsiy tarkib, 159 687 nafar ish bilan band bo‘lmagan aholi hamda FVDT xizmatlarining 4 235 ta maxsus muhandislik texnikalari jalb etildi. Tashkilot va korxonalarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish yo‘nalishida 818 marotaba maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, o‘quv mashqlariga 75 928 nafar shaxsiy tarkib hamda 8 568 ta maxsus muhandislik texnikalari jalb etildi. O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, xususan, quturish, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi va kuydirgi kasalliklari bilan bog‘liq epidemik va epizootik vaziyat barqarorligini ta’minlash, zararli chigirtkalarga qarshi kurashish, Davlat chegara-bojxona postlarida ionlashtiruvchi nurlanish manbalari aniqlanganda FVDT xizmatlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirish bo‘yicha jami 87 marotaba ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, ularga 12 940 nafar shaxsiy tarkib hamda 849 ta maxsus texnikalar jalb etildi. Davlat nazorati tadbirlari doirasida FVDT Samarqand viloyati va Toshkent shahar hududiy quyi tizimlari, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika perinatal markazi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasidagi tayyorgarlik holati tekshiruvdan o‘tkazilib, uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida 55 015 marotaba rejali, 37 801 marotaba nazorat tartibidagi va 115 845 marotaba tezkor tekshirishlar o‘tkazilib, 13 035 ta tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli ob’ektlarda yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazildi. Bundan tashqari, 4 130 309 ta yakka tartibdagi uy-joylar va 40 813 ta ko‘p kvartirali uylardagi 1 233 593 ta xonadonlarning yong‘inga qarshi holati o‘rganib chiqildi. O‘tkazilgan shu kabi tadbirlarga qaramasdan, 2023 yilda respublikada sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, xususan, yong‘inlar, gidrometeorologik va geologik xavfli jarayonlar aholi hayoti va sog‘ligiga zarar yetishiga hamda moddiy yo‘qotishlarga olib keldi. Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning 78,7 foiz texnogen va 21,3 foiz tabiiy xususiyatli, shundan yo‘l-transport hodisasi - 29 foiz, gaz-havo aralashmasining chaqnashi - 24 foiz, is gazi, oziq-ovqat mahsulotlari va toksik moddadan zaharlanishlar - 19 foiz, yong‘inlar - 6 foiz va yong‘in-portlash, suvda cho‘kish, sel, zilzila - 22,7 foiz favqulodda vaziyat sifatida ro‘yxatga olingan. 2024-yilda respublikada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish, sodir bo‘lganda ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek aholini va rahbarlar tarkibini favqulodda vaziyat(hodisa)larda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash maqsadida FVDTning joriy yil uchun maqsadlari etib quyidagilar belgilandi: aholi, eng avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj (bolalar, ayollar va imkoniyati cheklanganlar) aholi qatlami bilan muloqotni kengaytirish, bu borada “mahallabay” va “xonadondbay” ishlash tizimini rivojlantirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish; aholi va hududlar xavfsizligiga tahdidlar, tabiiy va texnogen xususiyatli xavf manbalarini hisobga olgan holda, tumanlar va shaharlar miqyosida kuchlar va vositalarni samarali taqsimlash, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatuvchi FVDT xizmatlarining tezkor harakatini muvofiqlashtirish mexanizmini yanda takomillashtirish; favqulodda vaziyat (hodisa)lar ro‘y berish xavfini barvaqt aniqlash bo‘yicha monitoring, tahlil va prognoz qilish tizimini yanada kuchaytirish; aholining barcha qatlamlarini favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash ishlarini tizimli ravishda olib borish; favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki bunday vaziyatlar ro‘y berganda aholini o‘z vaqtida xabardor qilish bo‘yicha aloqa va xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimlarini amaliyotga keng joriy qilishni davom ettirish; favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot- kommunikasiya texnologiyalarini tatbiq etish; aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat nazoratini amalga oshirish; FVDT va Favqulodda vaziyatlar vazirligi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha yaratilgan yaxlit tizimini yanada rivojlantirish; ta'lim muassasalari uchun “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” bo‘yicha davlat ta'lim standartlari va o‘quv dastur (mavzu)larini takomillashtirish hamda amalda tatbiq etish; aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarni takomillashtirish.