Fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlar rahbarlar tarkibini tayyorlash bo’yicha Respublika markazi 1992 yili tashkil etilib, 1996 yilgacha faoliyat ko’rsatgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning taklifiga binoan 1995-yil 16 avgust kuni Favqulodda Vaziyatlar Vazirligini tuzish haqida qaror qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 4 martdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda Vaziyatlar Vazirligi tashkil etilgan bo’lib, mazkur farmon bo‘yicha vazirlikning vazifalari quyidagicha belgilangan:
- favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, aholi hayoti va salomatligini, moddiy va ma'naviy qadriyatlarini muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarini boshqarishning davlat tizimi (FVDT)ni tashkil etish va uning faoliyatini ta'minlash;
- O‘zbekiston Respublikasining fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilish;
- Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kenashi, hokimliklarning aholini va milliy boyliklarini muhofaza qilish, avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlar tufayli vujudga kelgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
- Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga, aholini, mamlakat hududini muhofaza qilishga hamda ular vujudga kelgan taqdirda xalq xo`jaligi ob'ektlari faoliyatining barqarorligini oshirishga, shuningdek aholini, mansabdor shaxslarni hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarni boshqarishning davlat tizimi tuzilmalarini tayyorlashga qaratilgan maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqishni tashkil etish va amalga oshirish;
- Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun moliya, oziq-ovqat, tibbiyot va moddiy-texnika resurslarining davlat favqulodda zahira fondlarini tashkil etishga doir ishlarni muvofiqlashtirib borish va hokazo.