Fuqaro muhofazasi institutida  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Bugun, 26-aprel kuni FVV Fuqaro muhofazasi institutida “Aholini zilzilaga tayyorlashda ilg‘or xorij tajribasidan foydalanish istiqbollari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Unda Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha soha vakillari va olimlari onlayn tarzda, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar Akademiyasi institutlarining vakillari va olimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Bugungi kunda seysmik faollashuv davrida kuchli zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanishga oldindan tayyorgarlik ko‘rish, kuchli zilzila sodir bo‘lganda va undan keyin amalga oshiriladigan harakatlarni aniqlashtirib olish dolzarb vazifalardan sanaladi.

Mazkur konferensiyada Qozig‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston respublikalari olimlari va ekspertlarining ishtirok etishi mintaqamiz mamlakatlari o‘rtasida ushbu soha bo‘yicha hamkorlikni oshirish va mustahkamlashda, olib borilayotgan ishlarni uyg‘unlashtirish hamda mintaqa sharoitidan kelib chiqib ilmiy-innovatsion loyihalar birgalikda ishlab chiqish va amalga tadbiq etish, ilg‘or tajribalar bilan o‘zaro almashib borishni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.