Bugun, 28-aprel kuni Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qoʻldoshev Toshkent viloyatining Toshqinga qarshi hududiy komissiyasi ishchi guruhi bilan sel, suv toshqinlari bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, viloyatning Ohangaron, Piskent va Oʻrtachirchiq tumanlari hududidan oqib oʻtuvchi Ohangaron daryosining qirgʻoqlarini mustahkamlash boʻyicha oʻrganish ishlarini olib bordi. Oʻrganish davomida daryoning muhofaza mintaqasida joylashgan aholi xoʻjaliklari, avtomobil va temir yoʻl obyektlari, shuningdek "Toshkent suv ombori" koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, viloyat hududida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan gidrometeorologik va geologik favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berilib, barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida ustuvor vazifalar belgilab olindi.