Harbiy prokuratura, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya va Qorovul qo‘shinlari ayol harbiy xizmatchilari hamkorligida, olis hududlardagi umumta’lim maktablari o‘quvchi qizlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Men vatanparvarman” loyihasining navbatdagi manzili Navoiy viloyati bo‘ldi.
Uch kun davom etgan tanlovlarda Uchquduq tumanida “Qulquduq”, Tomdi tumanida “Ayaqquduq” va Zarafshon shahrida “Daugiztau” ovullaridagi o‘quvchi qizlar qamrab olindi.
Dastavval bir oylik dastur asosida, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya va Qorovul qo‘shinlari ayol harbiy xizmatchilari hamkorligida, o‘quvchi qizlarning vatanparvarlik, buyuk xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosidan faxrlanish, qonunlarga hurmat, huquqbuzarliklarga qarshi murosasizlik ruhidagi nazariy va amaliy bilimlari yanada boyitildi.
So‘ngra ishtirokchilar “Vatanparvarlik mening tasavvurimda” shiori ostida o‘z bilimlarini namoyon etishdi.
Qizlarimizning ko‘rgazmali chiqishlari, badiiy sahna ko‘rinishlari, ijod namunalari, ayniqsa, ularning yuz-ko‘zlaridan ufurib turgan Vatanga muhabbat hissi hay’at a’zolarining ziyrak e’tiboridan chetda qolmadi.
Jarayonda qatnashgan Bosh prokuror o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori B.Kudratxodjaev tomonidan o‘quvchi qizlarning mahorati va bilimlari e’tirof etilib, g‘olib va sovrindorlarga "O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori kubogi", diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.