Joriy yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Favqulodda vaziyat ro‘y berish xavfi yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimini rivojlantirish hamda undan samarali foydalanishni tashkil etish to‘g‘risida” 2023-yil 11-avgustdagi 361-son qarori ijrosi yuzasidan xabar berish tizimlari yaratilishi yuzasidan bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, muammolar hamda kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida mas’ul vazirlik
va idoralar vakillari ishtirokida o‘quv amaliy seminari o‘tkazildi.
Seminar davomida Favqulodda vaziyat ro‘y berish xavfi yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimining asosiy maqsadi va vazifalari, xabar berish tizimining tarkibi, xabar berish tizimini yaratish, ishga tushirish, saqlash va undan foydalanish tartibi hamda xabar berish tizimining tayyorligini tekshirish va baholash tartiblari ishtirokchilarga tushuntirib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakilining xabar berish tizimlarining apparat-dasturiy komplekslarini takomillashtirish yuzasidan yuzasidan takliflari muhokama qilindi.
Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlari vakillari tomonidan lokal darajadagi xabar berish tizimlarining yaratilish holati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.