Mamlakatimizdagi yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ularning maydonlarini kengaytirish, ushbu sohada masʼul tashkilotlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi joriy etilgan. Mazkur loyiha doirasida besh yil davomida respublikamizda jami 1 mlrd. daraxt va butalar koʼchatlarini ekish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi aʼzolari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli “Vazirlik bogʼ”laridan birida boʼlishdi.
Ushbu loyiha doirasida “Vazirlik bogʼi”ni barpo etish uchun ajratilgan Toshkent viloyati, Boʼstonliq tumani, “Soylik” qishlogʼi, Qoraqiya uchastkasi hududidagi 67,5 gektar maydoniga oʼtgan yili bahor va kuz mavsumlarida 23 ming tup koʼchat ekilgan boʼlsa, joriy yil bahor mavsumida 12 mingga yaqin tup koʼchat ekish ishlari amalga oshirildi.
Deputatlarning “Vazirlik bogʼi”ga tashrifi davomida ekilgan daraxtlarni sugʼorish va parvarishlash ishlarining tashkil etilganligi holati monitoring qilindi.
Shu bilan birga, tashrif doirasida deputatlar daraxt koʼchatlarini ekishda ham faol ishtirok etdilar. Ularni sugʼorish va parvarishlash uchun masʼullar belgilandi.
Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida taʼsirchan parlament nazorati tadbirlarini oʼtkazish, shu jumladan davlat organlari rahbarlarining mazkur faoliyat yuzasidan axborotini eshitish rejalashtirilgan.