IS GAZIDAN ZAHARLANIB QOLMANG!

Qish faslida havo haroratining muttasil sovushi issiqlik ta’minotiga - isitish jixozlariga bo‘lgan ehtiyojimizni oshiradi. Zero, isitish manbaalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida is gazi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, qish mavsumi davomida sodir bo‘layotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaxarlanish holati bilan bog‘liq.

Is gazi xonadonlarimizda foydalaniladigan tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa shu kabi yoqilg‘i manbaalarining to‘liq yonmasligi natijasida paydo bo‘ladi. Ta’kidlaganimizdek, is gazi rangsiz va hidsiz bo‘lib, nafas yo‘llari orqali qonga so‘rilganda organizmni, xususan, markaziy asab tizimini jiddiy zararlashi bilan xavfli. Inson is gazi bilan zaharlangan havodan nafas olib tursa ham hech narsani sezmasligi mumkin. Shu bois, ayrim jabrlanuvchilar is gazidan zaharlanib, vafot etadi.

Olib borilgan tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlari asosan (60-70%) ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni isitishda gaz plitasidan foydalanish natijasida, qolgan holatlarda esa mo‘rilarning o‘z vaqtida tozalanmasligi, tutun yo‘llari va fortochkalarning yopib qo‘yilishi, chet ellarda ishlab chiqarilgan nostandart va qo‘lbola isitish vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida, uyni isitishda ochiq holdagi ko‘mir va o‘tin cho‘g‘laridan foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin, chaqnash holatlari esa turli xildagi gaz so‘rg‘ich moslamalar, rezina shlanglar hamda nostandart gaz ballonlaridan foydalanish natijasida kelib chiqayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, is gazidan organik moddalar (atseton, metil spirt, fenol va boshqalar)ni sintez qiluvchi korxonalarda, shamollash tizimi yomon bo‘lgan mashina turar joylarida, yangi bo‘yalgan xonalarda ham zaharlanish mumkin.

Ma’lumki, xonadonlarda foydalanayotgan tabiiy gazning asosiy qismi metandan iborat. Tabiiy gaz arzon, saqlash uchun joy talab qilmaydigan va chiqindisiz yonadigan qulay yoqilg‘idir. Ta’biri joiz bo‘lsa, tabiiy gaz yonganda 8000-8500 kkal issiqlik energiyasi ajralib chiqadi.

Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, undan foydalanishdagi xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik juda xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki metanning ma’lum bir hajmdagi havo bilan aralashmasi portlash (chaqnash)ga sabab bo‘ladi. Hususan, o‘choq, isitish pechkalari, xona va binolarning ichida tabiiy gaz havo tarkibida 5% dan 15% gacha bo‘lgan miqdorda to‘planib qolsa, kuchli portlash xavfi paydo bo‘ladi.

Bu kabi holatlarning oldini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Demak, is gazidan zaharlanishni oldini olish uchun avvalo isitish ta’minotlarini ya’ni, pechlar, qozonxonalar, suv isitish kolonkalarining sozligi, mo‘rikonlarning tozaligini tekshirib chiqish zarur. Nosoz, nostandart, qo‘lbola isitish moslamalaridan, sifatsiz va texnik ko‘rikdan o‘tmagan gaz ballonlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bolalarni, imkoniyati cheklangan va mast kishilarni nazoratsiz qoldirmaslik, ularning gaz va elektr moslamalaridan, ochiq olovdan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, tabiiy gazdan foydalanishda turli xildagi rezina shlanglar, gaz so‘rg‘ichlardan foydalanmaslik, chet davlatlarda ishlab chiqarilgan isitish moslamalaridan faqat yo‘riqnoma bilan yaxshilab tanishib chiqqandan keyingina, shu yo‘riqnomaga rioya qilgan holda foydalanish lozim.

Yana shuni ta’kidlash joizki, ko‘pchilik, e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yib, uyni isitishda ochiq gaz plitasidan foydalanadi. Buday holatlarga sira befarq bo‘lmang, zero, yaqinlaringiz sog‘ligi, ularning hayoti nafaqat siz uchun, balki, jamiyat uchun ham bebahodir.

Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma - karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa anoksiyaga olib kelishi mumkin.

Is gazi bilan zaharlangan organizmda uglerod va oqsil almashinuvi buziladi, natijada atsidoz alomatlari yuzaga keladi. Qon tarkibida kaliy va kalsiy muvozanati hamda markaziy nerv sistemasi faoliyati buzilishi va shu tariqa inson hayotdan bevaqt ko‘z yumishi mumkin.

Birinchi yordam ko‘rsatish.

Is gazidan zaharlangan fuqarolarga birinchi yordam ko‘rsatish uchun avvalo, zaharlangan kishini zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Qiyin nafas olayotgan yoki nafas olish to‘xtab qolgan bo‘lsa, bemor mustaqil nafas olgunga qadar sun’iy nafas oldirish kerak. Badanni ishqalash, oyoqlarga grelka qo‘yish zaharlanish oqibatlarini tezroq tugatishga imkon beradi. Agar bemor hushida bo‘lsa, tananing yuqori qismini qisib turuvchi kiyimlardan bo‘shatib, issiq choy yoki qahva ichirish maqsadga muvofiq.

Is gazidan zaharlanib qolgan kishilar albatta shifoxonaga yotqizilishi kerak, chunki birmuncha keyinroq o‘pka va asab tizimi tomonidan og‘ir asoratlar vujudga kelishi mumkin. Kasalxonadan chiqqandan so‘ng bemorlar terapevt va nevropatolog kuzatuvida bo‘lishi shart.

Is gazidan zaharlanishning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar hususida.

O‘tgan davr mobaynida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi orasida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish borasida bir qator davlat organlari va tashkilotlar tomonidan samarali ishlar amalga oshirilib, muhim chora-tadbirlar hayotga tatbiq etib kelindi.

So‘zimiz dalili sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Hududgazta’minot”AJ hududiy tuzilmalarining gaz nazoratchilari, mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarining faollari, jalb etib, bu kabi mudxish ko‘ngilsizliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilayotganini misol qilishimiz mumkin. 

Shu bilan bir qatorda,  suyultirilgan gaz quyish punktiga murojaat qilgan har bir fuqaroga suyultirilgan gaz va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha qisqacha tushunchalar berish barobarida, nostandart yohud qo‘lbola yasalgan va sertifikatlanmagan gaz isitish anjomlaridan foydalanish hayot uchun xavfli ekanligi xususida tushintirish ishlari olib borilmoqda. 

Hulosa o‘rnida.

Inson hayoti turli xavf-xatarlarga, favqulodda holatlarga to‘la. Zero, umrimiz davomida doimo sergak, ehtiyotkor va ogoh bo‘lish, nafaqat, o‘zimiz va yaqinlarimizning salomatligini avaylashga, balki, beqiyos qimmatga ega bo‘lgan hayot atalmish bebaho ne’matning qadriga yetish, uning bardavomligi va farovonligini ta’minlashga zamin yaratadi. Shuni unutmaslik kerakki, har qanday tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olishga va ularga qarshi kurashishga barchamiz birdek mas’uldirmiz. Shunday ekan, bu boradagi o‘z bilim ko‘nikmalarimizni o‘zgalar taqdiriga befarq bo‘lmagan jamiyatimiz a’zolariga ulashishimiz, yaqinlarimizning hayoti va sog‘ligini qadrlashimiz, qolaversa, ming-minglab asrlarning tuman chig‘irig‘laridan o‘tgan insoniylik, xalqparvarlik singari oliy fazilatlarimizga sodiq qolishimiz bizni yakdil, xamjihat el ekanimizni yana bir karra isbot etadi. Is gazidan zaharlanib qolishdan o‘zingiz va atrofingizdagilarni asrang, azizlar.