O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga oid ko‘rgazmali integrallashgan dars mashg‘uloti o‘tkazildi. Dars ingliz tilida olib borildi. Mashg‘ulotda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari va talabalar, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar va kursantlar ishtirok etdi. Tadbir davomida favqulodda vaziyatlar kelib chiqqanda ruhiy tushkunlikka tushib qolmaslik, talafotlar ko‘lamini kamaytirish, bino va inshootlarda evakuatsiya harakati, yong‘inlarning oldini olish, sodir bo‘lganda bartaraf etish, jabrlangan va shikastlanganlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo’yicha ma’lumotlar berildi. Mashg‘ulot yakunida FVV Akademiyasi jamoasiga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.