“Taraqqiyot strategiyasi” markazi “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini e’lon qiladi.
Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi bo‘yicha 2024-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatlari belgilanmoqda.
Hujjat loyihasida yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2024-yilga mo‘ljallangan islohotlar nazarda tutilmoqda.
2024-yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar o‘z takliflarini Markazning maxsus uzbekistan2030.uz onlayn portali orqali bildirishlari mumkin.
Muhokamalar joriy yilning 9-fevral kuniga qadar davom etadi.