2024 yil 31 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita majlisida senatorlar, ekspertlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, kotibiyat mudirlari, vazirlik va idoralar mas’ul rahbarlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilikka rioya qilinishi holatini o‘rganish natijalari, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Dastlab Qo‘mita majlisida “Aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilikka rioya qilinishi holatini o‘rganish natijalari to‘g‘risida”gi Qo‘mitaning qarori ijrosi yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, 2023 yilning ikkinchi yarim yilligida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilikka rioya qilinishi holati o‘rganildi, aholi bilan muloqotlar o‘tkazildi, ularning murojaatlari, tegishli qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlil qilindi, o‘rganish natijalari Qo‘mita majlisida muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.
O‘z navbatida, Qo‘mita qarorida hamda idoralararo tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish, shu orqali aholi hayoti va sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulki ishonchli himoyasini ta’minlash imkonini beradigan yaxlit yong‘in xavfsizligi tizimini shakllantirish yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y bermoqda.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda ayrim fuqarolarimiz yong‘in xavfsizligi qoidalarini bilmasligi, aksariyat hollarda ushbu qoidalarga e’tiborsizlik bilan qarashi va mas’uliyatsizlik bilan yoki yuzaki yondashishi, shuningdek, amaldagi qonunchilikda qonunbuzilish holatlari uchun yengil ma’muriy jazo choralari belgilanganligi yirik yong‘inlar sodir bo‘lishining asosiy sabablaridan bo‘lmoqda.
Shu bois Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muhokama qilinayotgan qonun ishlab chiqildi va parlamentga kiritildi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish yong‘in chiqishiga olib kelganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni, shaxslarning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun yuzasidan jamoatchilik vakillari, mutaxassislar, ekspertlar, prokuratura organlari xodimlari muhokamada faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.